Aholi bandligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi

22 Apr 2020

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-aprel kuni aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Koronavirus pandemiyasi sababli dunyodagi millionlab korxona va tashkilotlar oʻz faoliyatini toʻxtatgani 2 milliard 700 million ishchiga taʼsir koʻrsatdi. Jahonda kambagʻal aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga koʻpayish xavfi yuzaga kelmoqda.

Mamlakatimizda karantin tufayli 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan.

Buni aprel oyidagi 20 kunlik soliq tushumlarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ziyod tushum taʼminlanmagan.

Bunday ogʻir sharoitda davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, bir oy ilgari qabul qilgan 2 ta qarorga asosan, hozirga kelib nafaqa va moddiy yordam oladigan bolali oilalar soni 595 mingdan 655 mingga, yaʼni 60 mingtaga koʻpaytirildi. Shuningdek, aholining kreditlar boʻyicha 3 trillion 260 milliard soʻmlik toʻlovlari muddati uzaytirildi.

Karantin davrida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi va Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan 141 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlanib, ularga 43 milliard 225 million soʻm ish haqi toʻlab berildi. Shu bilan birga, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 219 ming oilaga oziq-ovqat va sanitariya-gigiyena mahsulotlari tarqatildi.

Biroq, shu bilangina cheklanib qolib boʻlmaydi. Kun sayin oʻzgarayotgan vaziyat aholi bandligini taʼminlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishni talab etmoqda.

Yigʻilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.

Tadbirkor va fermerlar kambagʻal oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun oʻz yeridan joy ajratishi, kasanachilikni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashishi lozimligi taʼkidlandi. Davlat esa bunday subyektlarga soliqni boʻlib-boʻlib toʻlash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi yoki kredit ajratadi.

Misol uchun, Samarqand viloyatida “Agromir” korxonasi rahbari bir mingta oilani qaramogʻiga olib, 600 gektarda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshlagan. 500 dan ziyod kambagʻal oilani kooperativga doimiy ishga olib, yangi tokzorlar orasini ularga boʻlib bergan va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻygan. Qirq kunda hosil olsa boʻladigan bodring urugʻini tarqatib, ekish harakatlarini boshlagan. Qurilish ishlariga yana 100 ta odamni ishga olgan.

Yana bir misol: Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasi rahbari mingta oilaga oziq-ovqat tarqatgan, 10 ga yaqin ehtiyojmand oilaga uy qurib berish, 100 nafarini ishga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Art soft” klasteri taʼsischilari Namangan shahri, Pop, Mingbuloq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida 3 ming nafar oilaga yordam berish tashabbusi bilan chiqdilar.

Bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi masʼulligida vazirlik va hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi operativ shtab tuziladi.

Barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, shakllantirilgan roʻyxatlar asosida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni manzilli yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Karantindan oldin ham ishsiz boʻlgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan odamlarni faol mehnat orqali ish bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Xususan, qishloq xoʻjaligi kooperativlari va xonadonlarda issiqxonalar tashkil etish hisobiga 14 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. 110 ming kishini mavsumiy, 167 ming fuqaroni jamoat ishlari bilan qamrab olish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi bir necha yigʻilishda qishloq xoʻjaligi, qurilish, kimyo sanoati va mashinasozlik boʻyicha muhim chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu ishlar joylarda toʻgʻri tashkil qilinsa, minglab odamlar bandligi taʼminlanadi.

Masalan, quduq qazib 26 ming gektar maydonda tashkil etiladigan bogʻ, tokzor va issiqxonalarda 52 ming, ipakchilik tarmogʻida 785 ming, qurilish va infratuzilma sohasida 75 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkin.

Prezidentimiz belgilangan vazifalarni sifatli bajarib, odamlarni ham band, ham rozi qilish kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda servis sohasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hozirgi kunda umumiy ovqatlanish tarmogʻida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat koʻrsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini toʻxtatgan yoki tushumlari keskin kamaygan.

Vaholanki, karantin sharoitida ham oziq-ovqatlar va tovarlarni yetkazib berish, koʻchma savdo va xizmatlarni tashkil etish orqali bu korxonalarning kamida 70 foizini ishlatish mumkin.

Shu bilan birga, karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda, toʻlovlarni qabul qilish, sugʻurta, mikrokredit xizmatlarini ham yoʻlga qoʻysa boʻladi.

Shulardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasiga yetkazib berish xizmatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriq berildi.

Oʻtgan yil sentyabrdan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish boshlangan boʻlsa-da, bu hali yetarli darajada samara bermayapti.

Shu bois oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Hozirda bunday kishilarga 85 ta faoliyat turi bilan shugʻullanishga ruxsat berilgan. Yigʻilishda bu roʻyxatni kengaytirish, qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerakligi aytildi. Oʻzini oʻzi band qilgan odamlar faqat xabardor qilish orqali roʻyxatdan oʻtib ishlaydigan mexanizm joriy etiladi.

Yurtimizda hunarmandchilik yaxshi anʼanalarga va ulkan salohiyatga ega. Bugungi kunda 25 mingdan ziyod usta, shogirdlari bilan qoʻshib aytganda jami 80 mingga yaqin oila shu sohadan daromad topmoqda.

Yigʻilishda masofaviy oʻquv kurslar tashkil etib, yoshlar va ayollarga hunar oʻrgatish, oʻz maktabiga ega hunarmand ustalar tajribasini televideniye orqali ommalashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

“Hunarmand” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga hunarmandchilik mahsulotlarini Oʻzbekiston milliy brendi ostida xorijda sotishni taʼminlovchi onlayn platforma yaratish vazifasi yuklatildi.

Bugungi kunda koʻplab yoshlar uyida oʻtirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar koʻrsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, yaʼni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, toʻlovlarni qabul qilishda qator toʻsiqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.

Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga oʻrgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop boʻlgan toʻlov tizimlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Videoselektor yigʻilishida soha mutasaddilari va hokimlar belgilangan koʻrsatkichlarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Related