O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI IZOHI

18 May 2020

Ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlar ba’zi rasmiy shaxslarining mamlakatimizda qonunchilik talablariga muvofiq, jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan davlat tili masalasi bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjat yuzasidan bildirgan fikrlari munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi quyidagilarni qayd etadi.

Davlat tilini tartibga soluvchi sohaga bog‘liq masalalar davlatning mutlaq ichki siyosatiga daxldor bo‘lib, har qanday aralashuv aslo maqbul emas.

Mamlakatimiz hududida yashovchi barcha millat va elatlar tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish respublika qonunchiligida o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Bundan tashqari, 1995-yilda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga binoan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi.

Shuningdek, qonun o‘z ona tilini o‘rganish va undan foydalanish, xususan ta’lim olish, davlat tashkilotlariga murojaat qilish, huquqiy va boshqa ma’lumotlardan foydalanish hamda ishbilarmonlik muomalasida hech qanday to‘siqlarsiz qo‘llash imkoniyatini kafolatlaydi.

Ko‘plab maktab va oliy ta’lim muassasalari, jumladan xorijiy universitetlar filiallari, madaniyat markazlarida o‘qitish, davriy nashrlarni chop etish, tele- va radiodasturlar turli tillarda olib borilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa millatlar holati to‘g‘risida tashvishlarga hech qanday asos yo‘q. Gap yuqorida zikr qilingan 1995-yilda qabul qilingan qonun ijrosi haqida ketmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimizda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish jarayonida xolis bo‘lishga, oldindan asossiz xulosa chiqarmaslikka va hurmat saqlanishiga umid qiladi.

Related