O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari xalqlarimiz jasoratiga hurmat bajo keltirdilar

27 May 2024

O‘zbekiston-Rossiya sammiti doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.

Ko‘p millatli xalqlarimiz ko‘p asrlik umumiy tariximiz va uning yorqin sahifalari, jumladan, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabani alohida hurmat-e’tibor bilan yod etadilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” tamoyili islohotlar dasturining mutlaq ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Xususan, o‘zbekistonliklarning urush janggohlarida ko‘rsatgan qahramonligi va front ortidagi fidokorona mehnatini abadiylashtirish uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020-yil 9-mayda “G‘alaba bog‘i” ochildi.

Keng majmua bir nechta hududga bo‘lingan bo‘lib, har biri alohida mavzuga bag‘ishlangan – urush dahshatlari va askarlar qahramonligi, front ortidagi ishchilar matonati va fidoyiligi, qayg‘u va dard, shodlik va shukronalik.

Bu yerga tashrif davomida O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari halok bo‘lgan askarlarning xotirasini yodga oldilar va urush dastidan besh nafar o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova xotirasiga o‘rnatilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydilar.

Majmuaning eng yuqori nuqtasi – sun’iy tepalik cho‘qqisida “Abadiy jasorat” kompozitsiyasi – Sovet Ittifoqi Qahramoni general-mayor Sobir Rahimov va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan barcha o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan.

Tepalik ichida bog‘ning asosiy paviloni – O‘zbekistonning urushdagi ishtiroki tarixiga bag‘ishlangan Shon-sharaf muzeyi joylashgan.

Yetakchilar muzeyning boy ekspozitsiyasi bilan tanishib, shonli o‘tmishimiz haqidagi xotirani asrab-avaylash muhimligini ta’kidladilar. Tarixiy merosni e’zozlash yoshlarda vatanparvarlik ruhini tarbiyalash va xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.

G‘alaba bog‘ining mahobati va salobati Rossiya delegatsiyasi a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Related