“Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida birinchi zavod ishga tushdi

31 May 2024

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi arafasida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida “Enpipe” korxonasi ishga tushirildi.

Umumiy qiymati 58 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan amalga oshirildi. Xitoy, Turkiya, Niderlandiya va Ispaniyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilib, yiliga 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi.

To‘g‘ri chokli uslubda tayyorlanuvchi bu quvurlar yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Ilgari bunday mahsulotlar, asosan, xorijdan olib kelinar edi. Tashishda quvurlar hajmi ko‘p joy egallagani uchun narxi ham qimmatga aylanardi.

Endi turli qalinlikdagi metallar list shaklida olib kelinib, shu yerda tayyorlanmoqda. Buning samarasida tannarx 25 foiz arzonlashdi.

Gaz-kimyo va tog‘-kon sanoati, qurilish va boshqa sohalarda bunday chidamli quvurlarga talab yuqori. Xususan, shu yerda qurilayotgan MTO gaz-kimyo majmuasida ham shundan foydalaniladi.

Korxonada 400 dan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Davlatimiz rahbariga korxonaning rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida ma’lumot berildi.

Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichni amalga oshirish uchun ishlar boshlab yuborilgan. Unda bosimga bardoshli turli hajmdagi rezervuarlar ishlab chiqariladi. Yana 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha to‘liq quvvat bilan ishlasa, 121 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash imkoni tug‘iladi. Korxonaning eksport salohiyati yanada ortadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatlashdi.

– Bugun Buxoroga kelishimizdan maqsad 2 milliondan ziyod aholining turmushini yaxshilash, daromad manbai yaratish, kambag‘allikni qisqartirish. Viloyatning ko‘p joyida ekin ekish uchun yerning sho‘rini yuvish kerak. Shuning uchun biz ko‘proq sanoatga e’tibor berayapmiz. Mana shu zavodni ham nima uchun qurdik? Bunday quvurlarni olib kelish uchun ko‘p pulimiz yo‘lga ketardi. Bugun yana yangi inshootlar qurilishini boshlaymiz. Ularning atrofida bir nechta korxonalar, ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Pirovard natijada odamlarning uyiga yorug‘lik, ishonch va umid kiradi. Ana shu umid bizlarni birlashtiradi, – dedi Prezident.

Viloyat sanoatida “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi yana bir zamin bo‘ladi. Ushbu hudud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-avgustdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. Uning umumiy maydoni 566 gektar bo‘lib, 5 ta yirik loyiha joylashtirilgan. Ular bosqichma-bosqich amalga oshirilib, yakunda uch mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Related