O‘zbekiston Prezidenti Pokiston Hukumati rahbari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

03 Iyul 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga amaliy tashrif doirasida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda.

Davlatimiz rahbari Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhim ekani qayd etildi.

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes forumi va sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib olindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishda birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Related