O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

04 Iyul 2024

Hurmatli rais!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga samimiy qabul va bugungi uchrashuvimiz yuksak darajada tashkil etilayotgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Belarusning SHHTga qo‘shilish jarayoni yakuniga yetgani bilan tabriklayman. Bu, hech shubhasiz, sheriklikning qo‘shimcha imkoniyatlarini ochadi. Ushbu voqea munosabati bilan hurmatli Aleksandr Grigorevich Lukashenkoni samimiy qutlayman.

Biz Qozog‘istonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga faol va samarali raisligi yakunlarini yuksak baholaymiz, bugungi majlisimiz kun tartibiga kiritilgan masalalar va qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka xavf va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bu davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va ziddiyatlar ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik tobora o‘sayotgan vaziyatda kechmoqda.

Xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillari tez-tez buzilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish bo‘yicha jahon hamjamiyatida mavjud bo‘lgan vositalar, afsuski, o‘zining samaradorligini yo‘qotdi.

Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi.

Kelgusida ham “Shanxay ruhi”ning mustahkam zamini bo‘lgan tamoyillar – o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining o‘zgarmasligi va Tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, uning ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qat’iy nazar barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi va suverenitetini hurmat qilishga qat’iy rioya etish muhim, deb hisoblaymiz.

Hozirgi kunda SHHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Biz “SHHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur.

Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Jahon aholisining 40 foizdan ortig‘i, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan ko‘prog‘i mamlakatlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Hech shubhasiz, ushbu beqiyos salohiyatni ro‘yobga chiqarish bizdan iqtisodiy sheriklikning yangi modellarini shakllantirishni va SHHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishni talab etadi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston 2030 yilga borib milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirishga qaratilgan chuqur o‘zgarishlarni davom ettirmoqda. Bunga, avvalo, innovatsion va yuqori texnologiyali tarmoqlarni shakllantirish, “yashil” va raqamli texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energetika ulushini tubdan oshirish hisobidan erishishga intilyapmiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bizning nuqtayi nazarimiz bo‘yicha SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Birinchi. Global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda.

Shu bois, hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir.

SHHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.

Ikkinchi. Iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha strategik yuksalishga erishish.

O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 20 foiz, joriy yil boshidan buyon esa yana 15 foizga o‘sdi.

SHHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etamiz.

Uchinchi. Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash.

Eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, SHHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhim.

To‘rtinchi. “Sharq–G‘arb” va “Shimol–Janub” yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini beradi.

Alohida ta’kidlab aytaman: transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir.

Shuningdek, Logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etishni taklif qilamiz.

Beshinchi. SHHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish.

Biz O‘zbekistonda “yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dasturni qabul qildik. Yiliga ikki gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Sanoat darajasida “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlandi.

Qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Oltinchi. Jadallashtirilgan raqamli transformatsiya.

Bizning fikrimizcha, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, “sun’iy intellekt”ni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida “SHHT kelajak texnologiyalari” dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Yettinchi. Ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida SHHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030-yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘ladi.

Sakkizinchi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yo‘nalishida davom ettirish zarur.

Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Afg‘onistonning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarni o‘rnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani ma’lum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora ko‘proq davlatlar buni tushunib yetmoqda.

Shu munosabat bilan, “SHHT–Afg‘oniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammitimiz SHHTning doimiy faoliyat yurituvchi organlari – Pekin shahridagi Kotibiyat va Toshkent shahridagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 20 yil to‘lgan yilda o‘tmoqda. Qisqa davrda ular sheriklikning samarali mexanizmi sifatida mustahkam qaror topdi va ko‘p tomonlama institutlar o‘rtasida munosib o‘rin egalladi.

Biz SHHTni yanada rivojlantirish jarayonlari tarafdorimiz va Tashkilotimizning faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifni qabul qilishga tayyormiz.

So‘zimning yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni Xitoy Xalq Respublikasi qabul qilib olayotgani munosabati bilan hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga bildirilgan tabrik so‘zlariga qo‘shilaman.

O‘zbekiston SHHT doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Related