O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Siyosiy-yuridik komissiyasi kotibi Chen Vensin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Delegatsiya rahbari Chen Vensin davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada qabul qilingan qarorlar asosida rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, narkotrafik kabi xavfsizlikka tahdid solayotgan an’anaviy va yangi xatarlarga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni kengaytirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan Huquqni muhofaza qilish faoliyati va xavfsizlik sohasidagi O‘zbekiston-Xitoy hamkorlik mexanizmining birinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.