Toshkent shahrida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining boshida barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini bayram bilan samimiy tabriklab, xalqimizning chuqur hurmat-ehtiromini yetkazdi.
– Biz ustozni otadek ulug‘ deb bilgan, uni hamisha boshiga ko‘tarib e’zozlagan buyuk, ma’rifatparvar xalqning vakillarimiz. Tariximizdagi qaysi mashhur ajdodimizni olmaylik, ularning barchasi ustozlarga yuksak ehtirom bilan qaraganlariga guvoh bo‘lamiz. Ustozini, muallimini e’zozlagan jamiyat albatta ravnaq topadi, gullab-yashnaydi. O‘qituvchisining qadr-qimmati baland bo‘lgan xalqning obro‘-e’tibori yuksak bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida o‘qituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam ekani ta’kidlandi.
– Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘idir. Shaxsan men o‘qituvchi deganda, o‘zim uchun aziz va qadrli bo‘lgan zotlarni, yuz-ko‘zidan nur yog‘ilib turadigan mo‘tabar insonlarni tasavvur qilaman. Ular zamonamizning eng ilg‘or kishilari, jonkuyar, vatanparvar, xalqparvar insonlardir. Shu sababli xalqimiz o‘zining eng katta boyligini – farzandlari tarbiyasini o‘qituvchilarga ishonib topshiradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ustozlarning donishmandligi, hayot ma’nosini chuqur anglab, odamlarni yaxshilikka va muvaffaqiyatlarga ruhlantirishi qayd etildi.
– Insonning ongi, dunyoqarashi o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Jamiyat o‘zgarmasa, taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim o‘zgartira oladi? Yangi beruniylarni, xorazmiy va farg‘oniylarni kim kamolga yetkazadi? Bunday ulug‘vor vazifani, tom ma’nodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz – ustoz va murabbiylar qodirsiz, – dedi Prezident.
Bugun yurtimiz o‘g‘il-qizlari xalqaro fan olimpiadalarida, sport maydonlarida ulkan marralarni qo‘lga kiritayotgani yodga olindi. Bu g‘alabalar avvalo ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi ekani e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27-sentabrdagi farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimiga qo‘shgan munosib hissasi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– O‘z mehnati bilan qadr topish, el-yurt ardog‘ida bo‘lish chinakam baxt. Bu, ayniqsa, o‘qituvchi va murabbiylarga yarashadi. Qadringiz ham, qaddingiz ham doimo baland bo‘lsin, aziz ustozlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasi va muallimlarga e’tibori, kamtarona xizmatlarini yuksak baholagani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.