Yangiyo‘l tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasi Toshkent viloyati iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega. Bu yerdagi korxonalarda mahalliylashtirilgan, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Aholi va iqtisodiyot o‘sishi bilan energiya manbalariga talab ko‘paymoqda. Masalan, so‘nggi to‘rt yilda Toshkent viloyatida elektr iste’moli 20 foiz oshgan. Bu boradagi tanqislikni qoplash maqsadida umumiy qiymati 1,5 milliard dollar, quvvati 805 megavattdan ortiq bo‘lgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bunda “yashil” energetika manbalariga keng o‘rin berilgan. “Tinchlik” kichik sanoat zonasidagi “Enter Green Solar” korxonasida buning uchun zarur quyosh panellari hamda turli xil kabellar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbari sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida mazkur loyiha bilan ham tanishdi.
– Bunday yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy korxonalarimizni qo‘llab-quvvatlab, faoliyatini kengaytirishiga yanada ko‘proq sharoit yaratishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lgan mazkur korxonaga Italiyaning “Ecoprogetti” kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan. Ular asosida yiliga 377 ming dona yuqori sifatli quyosh paneli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning o‘zida ham quvvati 125 kilovatt bo‘lgan panellar qo‘yilgan. Bu yerda 100 kishi mehnat qilmoqda.