Prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Yurtimizda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.
Chiqindilarni qayta ishlash orqali ham uning tabiatga ta’sirini kamaytirish, ham foyda olish mumkin. Shu maqsadda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar ishlab chiqilgan. Qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.
Masalan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Bu sohaga Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Shanghai SUS Environment” ham qiziqish bildirgan. U 310 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt soat elektr energiyasi olinadi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer Group” kompaniyasining 200 million dollar mablag‘i evaziga Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quriladi. Und kuniga 1 ming 500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.
Koreya Respublikasining “Sejin” kompaniyasi ishtirokidagi loyiha ham juda muhim. Unga ko‘ra, 55 million dollar evaziga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil bo‘ladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yiladi. Uning quvvati 16 megavatt bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Umuman, loyihalar natijasida qattiq maishiy chiqindilardan oqilona foydalanish ta’minlanadi. Yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 97 million AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyihalar 2025-2027-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari loyihalarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
– Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligiyu energetika barqarorligiyam shu sohaga bog‘liq. Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois mutasaddilarga bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Hozir investorlar, ishlab chiqaruvchilar, birinchi navbatda, korxonasining energiya ta’minotini o‘ylaydi. Shuning uchun chiqindini qayta ishlash zavodlari yaqinida qurilish materiallari, organik o‘g‘itlar kabi yangi korxonalarni joylashtirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Bu tadbirkor uchun ham, investor uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Barcha hududlarda bunday loyihalarni ko‘paytirish va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Mamlakatimizda bu soha izchil takomillashtirib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 26-sentabrdagi farmoni bilan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Agentlik chiqindilarni to‘plash, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va ularni yo‘q qilishning zamonaviy usullarini joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bu sohada sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyat barqarorlashadi, sanitar holat yaxshilanadi, aholiga xavfli kasalliklar yuqishi kamayadi. Chiqindilar qayta ishlanib, muqobil energiya, xomashyo va organik o‘g‘it olinadi. Mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etiladi.