Ulkan marralarga erishish uchun bilimli avlod kerak

31 Okt 2024

Bugun Navoiy shahrida bunyodkorlik jadal. Farovon – yangi tashkil topgan mahallalardan biri. Bu yerdagi 50 dan ortiq ko‘p qavatli uyda 15 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, teatr va mehmonxonalar, bog‘cha va maktablar barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerdagi 22-umumta’lim maktabida bo‘ldi.

Mamlakatimizda maktab ta’limi umummilliy harakatga aylanmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ta’lim sohasi eng birinchi vazifa sifatida belgilangan.

1 ming 800 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bu muassasa o‘tgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 3 mingga yaqin badiiy adabiyotlar jamlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona elektron tizimga ulangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sifatini Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga yaqinlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda muassasaga 104 nafar o‘qituvchi bilimi va pedagogik mahorati bo‘yicha saralab ishga qabul qilingan. Daslar ham ilg‘or maktablar dasturi asosida olib borilmoqda.

Yoshlarga kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunar o‘rgatish jarayoni bu yerda ham izchil amalga oshirilmoqda. Buning uchun maktabning yerto‘la qavatida amaliy san’at, mehmonxona xizmati, rassomchilik, suratkashlik, IT yo‘nalishi, robototexnika kabi kasb-hunarlar bo‘yicha o‘ndan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan.

Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan. Unda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar jasorati haqida muloqotlar bo‘ladi. Vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari tez-tez o‘tkaziladi.

– Ilmli bo‘lish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli bo‘lsa, shijoatingiz yanada baland bo‘ladi, – dedi Prezident.

Maktabda “Iqtidor” klubi ham tashkil etilgan. Unda ijodkor o‘quvchilar musiqa, teatr va san’at yo‘nalishida turli mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.

Prezidentimiz maktab faoliyati bilan tanishib, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

– Mening eng katta tashvishim, maqsadim – yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilayapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi, – dedi Prezident bolalarga.

Ta’lim dargohida “xavfsiz maktab” tizimi ishlaydi. Buning uchun muassasaga kirish-chiqishda “Face ID” dasturi qo‘yilgan. Shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilgan.

Related