Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirib, aholi daromadlarini ko‘paytirish choralari muhokama qilindi

01 Noy 2024

1-noyabr kuni Navbahor tumanida Navoiy viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining boshida yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari kengashlariga saylovlar demokratik tamoyillar asosida qizg‘in o‘tganini ta’kidlab, unda mas’uliyat bilan qatnashgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

Buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari yangi – 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu tashabbus doirasida respublika tanlovi va navoiyxonlik kechalari o‘tkaziladi, yoshlarbop kitoblar chop etiladi, shoir asarlari bo‘yicha filmlar tayyorlanadi. “Yangi Navoiy” shaharchasida muhtasham haykal va muzey barpo etiladi.

Iqtisodiyot haqida gap ketar ekan, ko‘rsatkichlar va rejalar atroflicha tahlil qilindi.

So‘nggi yetti yilda Navoiyda 8 milliard dollarlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratilgan. Tadbirkorlar soni 3 karra ko‘paygan. Shu vaqt ichida viloyat iqtisodiyoti to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqib, 82 trillion so‘mga yetgan. Bu yil 2,2 milliard dollarlik 577 ta loyiha bajarilib, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, imkoniyatlar hali ko‘p. Navoiy viloyati mamlakatimiz markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud. Yurtimizdagi 5 trillion dollarlikdan ortiq qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Bu istalgancha investor talabini qondira oladi.

Viloyatda har yili 100 trillion so‘mlikdan ortiq sanoat mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Jon boshiga daromad respublikada ikkinchi o‘rinda. Bular mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish, savdo, xizmatlar, umumiy ovqatlanish va turizmni kengaytirish uchun katta imkoniyat.

Hozirda viloyatda 11 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida. Bular – yangi sanoat va servis korxonalarining uzluksiz ishlashi kafolati.

Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimi, 11 ta shahar va tuman hokimlari, davlat tashkilotlari va banklar, 330 ta mahalladagi “yettilik” bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana olayapti, deya savol qo‘yildi.

2025 yilda viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilishi, natijada 600 ta yangi korxona ochilib, 15 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, bu loyihalar nafaqat Navoiy, balki atrofidagi viloyatlar sanoatini ham ergashtiradi.

“Yer qa’ri to‘g‘risida”gi yangi qonunga muvofiq, endi yangi tizim bo‘ladi. Barcha strategik resursli konlar halqaro baholashdan o‘tadi.

Navoiy viloyatida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy boshqarmasi ochiladi. Endi litsenziya va ruxsatnoma berish, konlarni auksionga chiqarishni boshqarmaning o‘zi hal qiladi.

Viloyat hududidan Zarafshon daryosi va Oqdaryo o‘tgan. Yana 256 kilometr soy, 2 ming kilometrdan ziyod kanallar bor. Ularda kichik gidro elektr stansiyalar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Buning uchun 10 million dollar ajratiladi, GESlar “sanoat ipotekasi” asosida tadbirkorlarga beriladi.

Kelgusi yilda Navoiyga 500 ming xorijiy turistni jalb qilib, bu xizmat eksportini 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Yo‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyalari shoxobchalar tashkil etib, savdo va servislarni ko‘paytirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda 16 ming kambag‘al oila, 8 mingdan ziyod ishsiz fuqaro bor. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi qo‘shimcha salohiyatdan foydalanib, ularni ish bilan ta’minlash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Bandlik va ijtimoiy himoya tizimlari birgalikda bir yilda 16 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadi belgilandi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilib, bozorlarga kunlik yetkazib berish, ularning narxini barqarorlashtirish zarurligi qayd etildi.

Bunda qishloq xo‘jaligi muhim. Lekin Navoiyda bor-yo‘g‘i 100 ming gektarda ekin ekilayapti. Uning 72 foizi nasosda sug‘oriladi.  9 million gektar yaylov bo‘lsa-da, chorva kam.

Shu bois kelgusi yilda paxtachilikda Turkiya, Xitoy urug‘i va texnologiyasini olib kelib, hosildorlikni 70 sentnerga chiqarish, 7 ming gektar bog‘ va tokzorlarni yangilash, hamma suvli yerlarni lazerli tekislab, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda kungaboqar yetishtirish choralari belgilandi. Yaylovlarga dron bilan ozuqa ekinlari, dorivor va ziravorlar urug‘lar sepilib, 50 ming aholiga bo‘lib beriladi. Umuman, uch yilda 3 million gektar yaylov yaxshilanib, chorva 10 karra ko‘paytiriladi.

Infratuzilma bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Zarafshon shahrida aholi tez o‘sayotganini inobatga olib, uning hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirish va 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi aytildi.

Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Xorijiy investorlar ham ko‘p kelayapti. Ularga qulaylik yaratish uchun Zarafshon shahridagi aeroportdan foydalanish, “Yangi Tomdi” qo‘rg‘oniga qo‘shimcha elektr tarmog‘i tortib, tadbirkorllik loyihalarini ko‘paytirish mumkin.

Chekka hududlardagi 18 ta eski maktabni va ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, bog‘cha va maktablar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash vazifalari belgilandi. Tadbirkorlik qilishga qiziqishi bor 9 ming xotin-qizni kasbga o‘qitib, bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va “Yashil makon” dasturining bajarilish holati ham ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar, tumanlar va tarmoqlar rahbarlari joriy yil yakunida kutilayotgan natijalar, kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha viloyat faollari va xalq oldida axborot berdi.

Yig‘ilishga videoselektor orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ham ulandi. Ularning rahbarlari Navoiy viloyatida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlarda o‘z hududida ham imkoniyatlar borligini tasdiqlab, bundan xulosa qilishi va natijadorlikni oshirishini aytdi. Xususan, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat loyihalarini jadallashtirib, hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasbga yo‘naltirish orqali aholi bandligini ta’minlash choralarini bayon qildi. Yil yakunigacha va kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar belgilandi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Related