Davlatimiz rahbariga oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2025-yilgi rejalar bo‘yicha axborot berildi.
Aholi soni izchil o‘sayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb bo‘lib bormoqda. Buning ustiga, global iqlim o‘zgarishlari, yer va suv taqchilligi qishloq xo‘jaligida qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shunday sharoitga qaramasdan, bu yil yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut yetishtirildi. Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 343 ta loyiha ishga tushirildi.
Shu bilan birga, mahalliylashtirish bo‘yicha hali imkoniyatlar ko‘p. Ayniqsa, non, sut, go‘sht, o‘simlik yog‘i, qandolat va salqin ichimliklar ishlab chiqarishni oshirish kerak.
Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda qandolat mahsulotlari eksporti 4 karra oshib, 13 million dollarga yetgan. Xomashyo, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelinib, tannarx 20 foizga kamaygani tufayli raqobatdoshlik ancha oshgan. Bu imtiyozlar muddati 2025-yil 1-yanvarda tugaydi. Ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur muddatni yana 2 yilga uzaytirish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.
Yog‘-moy sanoatida 408 ta korxona ochilgan. Lekin yurtimizda xomashyo kamligi uchun ular har doim ham to‘la quvvatda ishlamayapti. Yog‘-moy eksportiga ruxsat berilsa, ishlab chiqarish 120 ming tonnaga oshib, 240 ming tonna ozuqa yem tayyorlanishi hisob-kitob qilingan.
Bosh vazir o‘rinbosariga bozor talablaridan kelib chiqib, bu borada taklif kiritish topshirildi.
Mamlakatimizda “halol” sertifikatiga ega milliy brend korxonalari ko‘payib, mintaqa va arab davlatlariga go‘sht mahsulotlari eksport qilayapti. Lekin bizda kolbasa mahsulotlarini saqlashning standart muddati 3 oy etib belgilangan. Xorijdagi iste’molchiga yetib borguncha 2 oy ketayapti. Go‘sht mahsulotini saqlash muddati Yevropa standarti kabi 4-12 oyga oshirilsa, ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 karra ko‘paytirish imkoniyati ochiladi. Shuning uchun bu boradagi standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.
Sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ularni tahlil qiladigan laboratoriyalar tashkil etish zarurligi aytildi. Shundan kelib chiqib, ushbu mahsulotlarning tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangani to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.
Yurtimizda salqin va alkogolsiz ichimliklar, meva-sabzavotdan tabiiy sharbat ishlab chiqarish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi 5 yilda ularning eksporti 9 barobar oshib, 35 million dollarga yetdi. Lekin o‘zimizda yo‘q tropik mevalar konsentratiga boj qo‘yilgani uchun boshqa davlatlar mahsulotlari bilan raqobatda yutqazayapti. Shu bois tropik mevalar konsentratlarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi bildirildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi asosida sohadagi tadbirkorlar bilan olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik haqida axborot berdi. Prezidentimiz kelgusi yilda bu ishlarning sifatini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.