Farmatsevtika klasterida logistika markazi ochildi

18 Dek 2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Grand Pharm Logistics Hub” faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu logistika markazi “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasteri hududida o‘n gektar maydonda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar bo‘lib, uch qavatli ma’muriy bino, omborlar, mehmonxona, oshxona va yotoqxona qurilgan. 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

Mahsulotlarni saqlash joyi 50 ming kvadrat metr. Bu yerda katta hajmdagi farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida qabul qilish, saqlash va tarqatish imkoniyati mavjud. Bu bosqichlar to‘liq raqamlashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.

Logistika markazi “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteridagi boshqa ishlab chiqaruvchilarga ham qo‘l keladi. Mahsulotlarni saqlash va eksport qilishlarida xalqaro “SAP” tizimi orqali amaliy yordam beriladi. Buning uchun dori vositalari sifatini ta’minlash bo‘yicha “GDP” va “GSP” sertifikatlari hamda bojxona ombori, xalqaro yuklarni tashish uchun litsenziyalar mavjud.

Bu boradagi talablarni ta’minlash uchun xalqaro standartlarga muvofiq havoni sovutish tizimlari o‘rnatilgan. Yuklarni ortish paytida ham harorat mo‘tadilligi ta’minlanadi. Yigirmadan ortiq yuk mashinalarida tashish xizmatlari ham ko‘rsatiladi. Majmuada bunday transportlar uchun turargoh va texnik xizmat ham tashkil etilgan.

Bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Germaniya, Polsha, Fransiya, Vengriya, Ruminiya va Turkiya kabi davlatlar bilan logistik aloqalar o‘rnatilgan. Bu geografiya yildan yilga kengayib bormoqda.

Mutasaddilarga mahsulotlarni saqlash va rasmiylashtirishda qulayliklarni oshirish, tannarxni kamaytirib, dorilarni arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kompaniya farmatsevtika bozorini muntazam o‘rganib, tibbiyot sohasidagi ehtiyojlarni ham tahlil qilib boradi. Natijada yetkazib berish yo‘nalishi ko‘lami kengayib bormoqda. Ushbu korxona mamlakatimiz hududi bo‘ylab 7 ming 500 dan ortiq dorixonaga tovarlar yetkazib beradi. Shuningdek, onlayn dorixona xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu boradagi hamkorlar soni ham ortmoqda.

Bu yerda “GPH Academy” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Uchta ta’lim dargohida amaliy mashg‘ulot xonalari tashkil etildi. Uch ming nafar farmatsevt malaka oshirish kurslaridan o‘tdi. O‘ttiz nafarga yaqin talaba ushbu loyihaning stipendiya va grantlariga ega bo‘ldi.

Related