Nogironligi bo‘lgan insonlar uchun “Imkoniyatlar olami”

16 Apr 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi asosida insonni qadrlash ko‘lami kengaydi, bu sohadagi xizmatlar ehtiyojmandlarga yaqinlashtirilmoqda. Ayni yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida shu yil 27 fevralda “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Uning ijrosi doirasida ilk bor Andijonda “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ishga tushdi.

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud.

Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish «Inson» markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Prezident yurtimizda ilk bor tashkil etilgan erta aralashuv xizmati bilan tanishdi. Bu bo‘lim chaqaloqlikdan uch yoshgacha bo‘lgan bolajonlarni parvarishlashga ixtisoslashgan. Shu vaqtgacha bunday yoshdagi bolalar faqatgina ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan. Maxsus bog‘chalarga esa faqatgina 3 yoshdan keyin qabul qilingan. Endilikda homiladorlik vaqtida nogironlik xavfi aniqlansa, onalarga shu binoda xizmat ko‘rsatiladi. Bu ularning farzandlariga bo‘lgan e’tiborini mustahkamlashda ko‘maklashadi. Shuningdek, ular uchun psixologik maslahatlar beriladi.

Prezidentimiz markazdagi qo‘shimcha ta’lim xizmatiga mo‘ljallangan binodagi sharoitlar bilan tanishdi. U yerda nogironligi bor bolalarning maktabdan tashqari dars qilishlari, ilm olishlari, internetdan foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, kambag‘allik reyestridagi oilalar farzandlari ham kelib, ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni o‘rganishi mumkin.

Ta’kidlash o‘rinliki, yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatida 10 mingga yaqin kambag‘al oilalarning farzandi bog‘chalarga joylashtirildi, qariyb 29 ming nafariga tibbiy ko‘mak ko‘rsatildi, 20 ming nafari ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Bu esa ularning “oyoqqa turib”, ish bilan band bo‘lishiga yordam beradi.

Markazda kunduzgi parvarish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda nogironligi bo‘lgan insonlar jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantiriladi. Ularga ijtimoiy xodimlar qarab turishi natijasida oilasidagilarning «qo‘li bo‘shab», ishlashi mumkin bo‘ladi.

Mazkur bo‘limda parvarishlanayotgan fuqarolar bunday g‘amxo‘rlik tufayli hayotga qaytganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Bu e’tibor zamirida sizning sog‘lig‘ingiz, yaqinlaringizning dardu tashvishlari bor. Ko‘nglingiz ochilib, hayotga umid uyg‘onganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bunday g‘amxo‘rlikni yanada kengaytirib boramiz. Sizlardan faqat sabr-toqat, ishonch va harakat zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy xizmatlar markazida sport majmuasi ham bor. Unda nogironligi bor bolalar uchun mo‘ljallangan badantarbiya xonasi, suv havzasi tashkil etilgan. E’tiborli jihati, mashg‘ulot qurilmalari AQSH va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan bo‘lib, adaptiv sportga mo‘ljallangan. Suv havzasi ham bolalarning yoshiga monand alohida qulayliklarga ega.

Davlatimiz rahbari imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish, katta yoshdagi insonlarni o‘ziga mos hunar va mashg‘ulotlarga jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Related