Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

12 Avg 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Suv tanqis bo‘lgan mintaqamizda uni qadrlash va tejash juda dolzarb masala. O‘zbekistonda bunga doimiy e’tibor qaratilib, sug‘orish tarmoqlari ta’mirlanmoqda, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmoqda.

Xususan, 2020-2024-yillarda shu maqsadlarga 60 trillion so‘m byudjet mablag‘lari hamda 622 million dollar xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan. Natijada, 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llangan maydonlar jami sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 50 foizga yetgan.

Endi bu ishlarning izchil davomi sifatida, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi ishlab chiqildi.

Taqdimotda mutasaddilar unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.

Dasturda suv resurslaridan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Shu maqsadda 2 ming 551 kilometr irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Nasos stansiyalaridagi eski uskunalarni tejamkoriga almashtirish orqali ularning yillik elektr energiyasi iste’molini 6,8 milliard kVt/soatdan 6,2 milliard kVt/soatgacha kamaytirish mo‘ljallangan.

Yerlarning holati ham suv sarfida muhim omil hisoblanadi. Shu bois dasturda suv ta’minoti past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. Turli darajada sho‘rlangan hamda yerosti suvining sathi muammoli bo‘lgan maydonlar ham kamaytiriladi. Natijada foydalanishdan chiqib ketgan 460 ming gektar yer ekishga qaytariladi.

Yana 1 million 400 ming gektar yerda suv tejovchi, shu jumladan, 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi. 20 ta yirik inshootlarda nazorat-o‘lchov uskunalari modernizatsiya qilinadi.

Suv hisobini yuritishda inson omilini kamaytirish ham muhim. Bu borada 12 mingta meliorativ kuzatuv qudug‘ida hamda 1 ming 750 ta nasosda zamonaviy monitoring yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta yirik suv xo‘jaligi inshooti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi.

Umuman, dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39 foizdan 47 foizga yetadi. Irrigatsiya tarmoqlarining sifati oshib, yo‘qotishlar kamayadi. Tejamkorlik hisobiga bu yil 10 mlrd kub metr, 2028-yilga borib 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqladi.

Taqdimotda, shuningdek, sohada samaradorlikni oshirish, raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Hozirgi kunda viloyatlar, tumanlar va xo‘jaliklar miqyosidagi 18 ming 755 ta gidropostni avtomatlashtirish boshlangan. Keyingi bosqich dalalarga suv taqsimlovchi nuqtalarda rejalashtirilgan.

Suv xo‘jaligini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Sohaga daxldor idoralardagi 11 ta dasturni integratsiya qilib, yagona platforma ishlab chiqish, IT-markaz va Vaziyatlar markazi tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda “O‘zbekkosmos” imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

5 ming 200 ta nasosni elektr va suv hisoblagichlar bilan jihozlash, yirik nasoslarni muqobil energiyaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Bunda olinadigan ma’lumotlar raqamli platformada jamlanadi, suvning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilib boriladi.

Bugungi kunda 2 ming 612 ta suv obyekti davlat-xususiy sheriklikka berilgan. Endi yirik nasoslar ham xususiy sektorga taklif qilinadi. Ularning har biri uchun alohida jozibador shartlar ishlab chiqiladi.

O‘tgan yili tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida 159 ta “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasasi tashkil qilingan edi. Ushbu quyi bo‘yin faoliyatini yaxshilash maqsadida endi ularga o‘z mablag‘ini mustaqil taqsimlash huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.

Sohada xizmatlarni yaxshilash va samaradorlikni ta’minlash mutaxassislar tajribasiga ham bog‘liq. Shu maqsadda 200 o‘rinli malaka oshirish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Prezidentimiz sohaga oid me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish,  jamiyatda suvni tejash madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Related