Buxoro viloyatidagi yangi loyihalar ko‘rib chiqildi

12 Avg 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ilgari bu hudud iqtisodiyoti sanoqli tarmoqlar bilan cheklangan edi. So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 8 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb etilib, iqtisodiyot tarkibi kengaydi. Birgina sanoat sohasida 6 mingta yangi korxona ochildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6 barobardan ziyod oshdi.

Turizm infratuzilmasi yaxshilanib, yangi maskanlar tashkil etildi. Nufuzli mehmonxona brendlari kirib keldi. Yillik sayyohlar soni 1 million 700 ming nafarga yetdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 5-dekabrdagi qarori bilan Buxoro viloyatida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan edi. Natijada joriy yil 6 oyda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,3 foizga oshdi. 198 ta yangi sanoat korxonasii tashkil topdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 6,4 foizga o‘sdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusiga muvofiq tuzilgan “Islohotlar shtabi” Buxoroda ham qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarmoqda. Taqdimotda mutasaddilar ana shunday yangi loyihalar to‘g‘risida axborot berdi.

Masalan, turkiyalik tadbirkorlar Peshku tumanida grafit qazib olish va qayta ishlashga qiziqish bildirgan. Vetnam kompaniyasi zamonaviy turar joy, Hindiston korxonasi jarrohlik markazi qurishni rejalashtirgan. 217 gektar maydonda 260 ta loyihani amalga oshirib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Umuman, viloyatda 1 milliard 700 million dollarlik 21 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 32 ming ish o‘rni, 180 million dollarlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, Peshku tumanida aholiga ijaraga berilgan yerlarda arzon issiqxonalar qurib, eksportbop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajribani ommalashtirib, viloyat bo‘yicha qo‘shimcha 5 ming xonadonda shunday issiqxonalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Shofirkon, G‘ijduvon, Peshku va Buxoro tumanlaridagi 10 ming gektarda uzum, Vobkent, G‘ijduvon, Jondor, Romitan va Kogonda 5 ming gektarda o‘rik, gilos, anjir kabi eksportbop meva bog‘larini barpo qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Buxoroning qadim ziyoratgohlari mashhur. Lekin sayyohlarni ko‘p vaqt olib qoladigan yirik majmualar yo‘q. Xorijlik investorlarni jalb etib, savdo va ko‘lgilochar park ochish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yana bir katta yo‘nalish – sanoat. Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz korxonasi bor, yana biri barpo etilayapti, 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari qurilishi jadallashgan. Bu majmualar atrofida kichik-kichik korxonalarni joylashtirib, investitsiya, sanoat va eksport hajmini oshirish mumkinligi aytildi.

Buxoro viloyati va tuman hokimlari aholi uchun daromad manbalarini ko‘paytirib, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

Related