20-avgust kuni Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni bugungi kasb bayrami va Mustaqillikning 34 yilligi bilan tabrikladi. Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalladagi o‘zgarishlarda ularning hissasi katta ekanini ta’kidladi.
O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliard dollardan ortig‘i xorijiy sarmoya. Bu yil birinchi yarim yillikda mamlakatimiz iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sdi.
Biznes yuritishdagi qulayliklar natijasida tadbirkorlar ko‘payib, faoliyati kengayib bormoqda. Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.
Biznesni “soya”dan chiqarish choralari natijasida 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga oshirdi. O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.
Ilk ochiq muloqotdan buyon tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikka kiritilgani qayd etildi. Bu galgi muloqot beshinchisi bo‘ldi. Unga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar qabul qilindi.
O‘tgan haftalarda iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlari bo‘lgan meva-sabzavotchilik, to‘qimachilik va yakka tartibdagi tadbirkorlik masalalari muhokama qilinib, ko‘mak choralari belgilangan edi.
Bugungi muloqotda davlatimiz rahbari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi. Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.
Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi. Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi.
Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi. Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik sayyohlik hududlaridan boshqa joydagi mehmonxonalar turistik yig‘im to‘lamaydi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.
Infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqdagi Qorabog‘, Farg‘onadagi Chimyon, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq hududlarida yil davomida xizmat ko‘rsatadigan yirik kurort zonalar tashkil etiladi.
Bu yil 16 ta tumanni jadal rivojlantirishga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Kelgusida yana 500 million dollar hisobiga 30 ta tumanda shunday ishlar amalga oshiriladi. Bu sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.
Biznes vakillarida qo‘shimcha joy olishga ehtiyoj bor. Shu munosabat bilan kelgusi yildan davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi.
1991-yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgani qayd etildi. Shu bois ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqilishi aytildi.
Muloqotda ta’lim va tibbiyot sohalariga oid imkoniyatlar ham belgilandi.
Xususan, endi bog‘cha qamrovi past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beriladi. Bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat etiladi. Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi. Ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya qilib beriladi. Shuningdek, tashabbuskorlarga imtiyozli kredit ajratiladi. Ularga ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.
Tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.
Prezidentimiz biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti – moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi. Shu bois endi loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozir O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Shu yil yetti oyda startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya kirib keldi.
Buni davom ettirgan holda, yoshlarning mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.
Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun besh yillik strategiya qabul qilinadi. Bunda yangi ekotizim – “ochiq banking” joriy qilinadi.
Kelgusi yilda banklar tomonidan kichik va o‘rta tadbirkorlikni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda 1 milliard dollar jalb qilinadi. Muqobil skoring modeli ishga tushirilib, kredit berish shartlari osonlashtiriladi.
Uchrashuvda soliq ma’murchiligi masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelmoqda. Shu bois endi bu tartib 20 milliard so‘mdan oshganda qo‘llanishi belgilandi. Natijada 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.
Aylanma soliqdan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, hisobotida xatolik bo‘lsa ham, jarima qo‘llanmaydi, buxgalterlar maoshini 5 million so‘mgacha qismi olti oygacha bunday korxona to‘lagan soliqdan chegirib tashlanadi.
Ikki yil oldin aylanmadan soliq to‘lovchilar buxgalteriyasini soliqchi yuritadigan tizim qilingan edi. Endi kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi. Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki, biznes qonun ustuvor bo‘lgan joyda rivojlanadi. So‘nggi yillarda iqtisodiyotga venchur, bond, kraudfanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham kirib keldi. Hozir bu munosabatlar o‘nlab hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Prezidentimiz bularning hammasini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu kodeks investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim yangilikni e’lon qildi – 2026-yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtidayoq elektron raqamli imzo beriladi, bankda hisobraqam ochiladi, sohaga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.
Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 459 taga qisqartirildi. Ro‘yxat yana 288 taga kamaytiriladi.
Ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi.
Umuman, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Bunda, eng avvalo, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.
Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Bundan keyin nazorat obyekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotning o‘zi bo‘ladi.
Muloqotda qayd etilgan imkoniyatlar bugundanoq kuchga kirishi qayd etildi.
Prezidentimiz bular katta marralar ekani, yurtimizdagi bugungi tadbirkorlik ruhi bilan unga erishish mumkinligini ta’kidladi.
Tadbir ochiq muloqot tarzida davom etdi. Markaziy va hududiy studiyalardan qatnashgan tadbirkorlar o‘z fikr va takliflarni bildirdi. Muammolar muhokama qilinib, ular bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.