O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning oliy darajadagi haftaligi tadbirlarida ishtirok etish doirasida Albaniya Prezidenti Bayram Begay bilan muzokara o‘tkazdi.
Siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlarni, shu jumladan siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlarini yaratish orqali sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, agrar va oziq-ovqat sanoati, transport va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.