O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi

07 Okt 2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadimdan Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan betakror Gabala shahrida siz, aziz qardoshlarim bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman.

Avvalambor, sammitni yuqori saviyada tashkil etganlari, an’anaviy va samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev Janobi Oliylariga minnatdorlik izhor etaman.

Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning ko‘plab hududlariga tashrif buyurdik. Go‘zal Qorabog‘ kun sayin obod bo‘layotganiga, Shusha, Xonkendi, Ag‘dam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Albatta, yaqin do‘stlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi.

Sizning qat’iy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi esa Turkiy davlatlarning ham umumiy g‘alabasidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik borasida keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Yil davomida Tashkilotimiz faoliyatida samarali raislik qilgani, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shgani uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarov Janobi Oliylariga tashakkur bildiraman.

“Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bugungi uchrashuvimiz dunyoda murakkab geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Hozir so‘zga chiqqan hamkasblarim bu muammolar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdilar.

Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi.

Davrning o‘zi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni taqozo qilmoqda. Jumladan, rivojlanayotgan davlatlarning o‘rni va ovozini mustahkamlashda yaqin hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifadir.

Dunyodagi eng og‘riqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri ko‘rinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

G‘azo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afg‘onistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.

Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz.

O‘ylaymanki, global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Biz birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Avvalambor, mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani, o‘zaro ishonch mustahkamlanayotgani, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Birgina misol keltirmoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimiz doirasida o‘ttiz beshdan ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va bu ko‘rsatkich 2030-yilga qadar ikki barobar oshishi kutilmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tuzilmamizning mavqei va salohiyatini yanada oshirish, yaqin kelajakda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi o‘rnini mustahkamlash oldimizda turgan ustuvor vazifadir.

Bu borada Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yo‘lida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘p qirrali sherikligimizni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Tashkilotning 2030 yilga qadar bo‘lgan rivojlanish strategiyasi va alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda quyidagi aniq yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni ko‘zda tutishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yo‘nalish sifatida ko‘ramiz.

Yaqin kelajakda Tashkilotimiz doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish tarafdorimiz. So‘z, birinchi navbatda, savdo, biznes va o‘zaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratish haqida ketmoqda.

Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tashkil etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz.

Kengash doirasida bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirishimiz mumkin. Jumladan, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish; o‘zaro savdo hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish zarur; “yashil energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish; strategik minerallar bazasini o‘zlashtirish va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi masalalar Kengashning doimiy e’tiborida turishi darkor.

Bunda “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili asosida amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan bo‘lishlari mumkin.

FAOning tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi hajmi 225 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda har yili 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Davlatlarimizning bu boradagi salohiyatidan kelib chiqib, sifatli va talab yuqori bo‘lgan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda ilmiy izlanishlar va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirishimiz lozim.

Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz.

Uchinchidan, turkiy davlatlarning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va xalqaro tranzit yo‘laklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligini hammamiz chuqur anglab turibmiz.

O‘rta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi aytib o‘tilgan barcha rejalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Eng asosiysi, bu yo‘lak raqobatbardoshligi bilan ajralib turishi lozim. U biznes hamjamiyati uchun eng qulay shart-sharoitlarni ta’minlab berishi kerak.

Bu borada maqbul tranzit tariflarini qo‘llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish bo‘yicha loyihalarga katta ahamiyat beramiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishamiz.

Aminmanki, transport sohasi bilan bog‘liq barcha tashabbuslarimiz 12 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida batafsil muhokama qilinadi. Bu tadbirda transport vazirlari, yirik logistika kompaniya va uyushmalari rahbarlari, olim va ekspertlardan iborat milliy delegatsiyalarning faol ishtirok etishlariga ishonamiz.

To‘rtinchidan, yirik sanoat va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida gapirganimizda, samarali moliyaviy instrumentlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu borada biz albatta Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyatini kengaytirish tarafdorimiz. Shu bilan birga, ustuvor loyihalarga qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish maqsadida Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, boshqa xalqaro moliya va milliy rivojlanish institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Beshinchidan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot sohalari mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishida muhim drayverlarga aylanmoqda.

Bu sohalardagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish uchun “Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini mamlakatimizda o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Oltinchidan, “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish muhim.

O‘zbekiston 2025-2026 yillarda 100 dan ziyod universitetlarni o‘z ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Raisligimiz davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning izlanishlarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ushbu oliygoh negizida Qo‘shma tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Yettinchidan, yoshlarimiz orasida yot va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etaman.

Ayni vaqtda biz islomofobiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish borasida ham yaqin muloqotlarni davom ettiramiz.

Bundan tashqari, Tashkilotimiz doirasida Yoshlar o‘rtasida ekologik bilimlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz.

Yana bir masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulug‘ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligini keng nishonlaymiz.

Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va birdamlik haqidagi g‘oyalari, bebaho adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida Tashkilotimizda raislikni qabul qilib olayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga ulkan omadlar tilayman.

Bugun qabul qilinadigan Gabala deklaratsiyasi birgalikda ilgari surayotgan ezgu tashabbus va rejalarimizni yanada mustahkamlab, davlatlarimizning umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Related