13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish avvalida oʻtgan yilgi makroiqtisodiy natijalar qayd etildi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga oʻsib, 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiy oʻsishning yarmidan koʻpi xizmatlar hisobiga taʼminlandi. Qishloq xoʻjaligida gektaridan oʻrtacha daromad 4,5 mingdan 5 ming dollarga koʻpaydi, mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshdi.
Iqtisodiyotga ilgʻor, energiya tejamkor texnologiyalar kirib kelayotgani hamda yuqori qoʻshilgan qiymat beradigan loyihalar koʻpayib borayotgani natijasida bir yil ichida bir dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi.
Prezidentimiz 2026-yil uchun belgilangan koʻrsatkichlarga toʻxtalib, 6,6 foizli iqtisodiy oʻsish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejasi geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlarni inobatga olgan holda shakllantirilgan ehtiyotkor prognoz ekanini taʼkidladi.
Shu bilan birga, har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari sohasiga yangicha boshqaruv olib kirib, resurslardan samarali foydalansa, anʼanaviy eksport bozorlariga bogʻlanib qolmasdan yangi yoʻnalishlar ochsa, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar kiritsa, yoshlarni jalb etib, “startap klub”lar tashkil etsa, iqtisodiy oʻsishni yanada yuqori surʼatlarda taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda strategik korxonalar samaradorligi va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Milliy investitsiya jamgʻarmasini boshqarishga jalb etilgan “Franklin Templeton” kompaniyasi tahliliga koʻra, korporativ madaniyatni kuchaytirish, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligida katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi. 19 ta strategik korxona rahbarlariga xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi boʻyicha keskin choralar koʻrib, tannarxni 10-15 foizga qisqartirish vazifasi qoʻyildi.
– Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish hisobidan emas, balki mahsulot tannarxini qisqartirish orqali taʼminlanishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Shuningdek, strategik korxonalarni “Yagona gʻaznachilik” axborot tizimi bilan qamrab olish, xaridlarni risk-tahlil asosida toifalash orqali samarasiz xarajatlarga chek qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Hududiy sanoatni rivojlantirishdagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Uch yilda respublika sanoati 21 foiz oʻsgan boʻlsa-da, qator tumanlarda bu koʻrsatkich 10 foizga ham yetmagani, ayrim hududlarda kredit resurslari va investitsiyalarning oʻsishi sanoat oʻsishiga mutanosib taʼsir koʻrsatmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Viloyat hokimlarining birinchi oʻrinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy joyida ishlash, ishlab chiqarishi pasaygan korxonalarni “oyoqqa turgʻazish” va ushbu tumanlarda sanoat oʻsishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Umuman, respublika sanoatini kamida 8,5 foizga oʻstirish boʻyicha tarmoqbay va hududbay rejalarni tasdiqlash, birinchi chorak yakunida aniqlangan muammolar va ularning yechimiga qarab, rahbarlar faoliyatiga baho berish belgilandi.
Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona mavjudligi, bu yil 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detal ishlab chiqarishni boshlash hamda avtomobil ishlab chiqarishni 510 mingtaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi. Aholi talabini ragʻbatlantirish maqsadida avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish choralarini koʻrish topshirildi.
Investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni samarali amalga oshirish boʻyicha yangi boshqaruv yondashuvlari belgilandi.
Joriy yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish rejasi qoʻyilgani, yangi loyihalar birinchi navbatda yuqori qoʻshilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, resurslardan samarali foydalanish hamda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Vazirlar va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritilayotgan har bir loyihaning bozori, eksporti, qoʻshilgan qiymati va yaratadigan ish oʻrinlarini toʻliq tahlil qilish topshirildi.
Endilikda investitsiya loyihalari bilan ishlashda loyihani ishga tushirish bilan cheklanib qolmasdan, uning toʻliq ishlashi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishi va tashqi bozorga chiqishi boʻyicha ham qatʼiy nazorat oʻrnatiladi. Shu maqsadda dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.
Oʻtgan yili turli tashkiliy muammolar sabab 55 ta yirik loyiha kechikkani qayd etilib, bu yil qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinishi belgilandi.
Shuningdek, xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani, joriy yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolangani maʼlum qilindi.
Investitsiyalarning koʻpayishi hisobiga qurilish hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Mutasaddilarga joriy yilgi qurilish hajmini 400 trillion soʻmga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash topshirildi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun budjetdan 40 trillion soʻm ajratilayotgani qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari nazoratini kuchaytirish, Qoraqalpogʻiston, Samarqand va Fargʻonada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha ham aniq koʻrsatmalar berildi.
Kichik va oʻrta korxonalarning yillik energiya isteʼmoli kattaligi hisobga olinib, bu toifadagi korxonalarda energiya samaradorlik boʻyicha yangicha tizim joriy etilishi va uch yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. 2026-yilda kichik va oʻrta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini koʻrish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlarining yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayotgani va kunduz kuni ham yoniq qolish holatlari uchrayotgani koʻrsatilib, yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya hamda kun yorishishiga qarab, oʻzi oʻchib-yonadigan datchik oʻrnatishni boshlash topshirildi.
Yigʻilishda davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, 300 trillion soʻmlik davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan boʻlsa-da, Olmaliq kombinati, “Oʻztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Uzbekistan Airports” va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” tizimlarida bu koʻrsatkich 40 foizga ham yetmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, tadbirkorlar davlat xaridi, ekspertiza va sertifikatlash jarayonlarida byurokratiya koʻpligi, ayrim rahbarlar esa “chet elniki sifatliroq” degan eski qarashdan hali ham voz kechmayotganini aytmoqda.
Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihada muzokara, tender, qurilish hamda xomashyo taʼminotining barcha bosqichlarida mahalliy mahsulotlar ulushini koʻpaytirishga shaxsan javob berishi belgilandi.
Iqtisodiy oʻsishni tashqi bozorlar hisobidan taʼminlash masalasi yigʻilishning alohida yoʻnalishi boʻldi.
Prezidentimiz “ichki bozordagi talabning oʻzi bilan yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlab boʻlmasligi”ni taʼkidlab, vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish boʻlishi zarurligini qayd etdi.
Oʻtgan yili eksport 22 foizga oʻsib, 24 milliard dollarga yetgan boʻlsa-da, koʻp rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani misollar bilan koʻrsatib oʻtildi. Endilikda eksport boʻyicha talab faqat hajm emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar boʻyicha ham boʻlishi belgilandi.
Ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash, inflyatsiyaga taʼsir qiluvchi omillarni oldindan aniqlab, amaliy yechim topish vazifalari ham belgilab berildi.
Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgani, inflyatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga, ayniqsa, 13 foizi goʻsht narxi hisobidan shakllangani qayd etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga inflyatsiya boʻyicha ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlab borish, har hafta tuman va shahar bozorlarini tahlil qilish, talab prognozini shakllantirish hamda har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash har qachongidan ham muhim ekani taʼkidlanib, dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash boʻyicha topshiriq berildi.
Qishloq xoʻjaligida ham narx barqarorligini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Goʻshtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligi qayd etildi. Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajoʻxori ekish boshlangani namuna sifatida keltirildi. Joriy yil qoʻshimcha 60 ming gektarda shu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Bu orqali qoʻshimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, oʻtgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingani qayd etilib, joriy yilda 4,5 million tonna kartoshka hosili olish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Kelgusi haftadan boshlanadigan muborak Ramazon oyi oldidan dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

