Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengaytiriladi

06 Okt 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Dunyodagi geosiyosiy keskinlik, energiya resurslari va xomashyo narxlarining oʻsishi, taʼminot va logistika zanjirlaridagi uzilishlar koʻplab mamlakatlarda inflyatsion bosimni kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda aholi xarajatlarini yengillashtirish va muhtoj oilalarga manzilli yordam koʻrsatish alohida ahamiyat kasb etadi.

Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, koʻmir va kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha amaldagi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi boʻyicha bazaviy meʼyorni 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirish taklifi maʼqullandi.

Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, koʻmir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir aʼzosiga qoʻllaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming soʻmgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqildi. Natijada qoʻllab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.

Elektr energiyasi va gaz boʻyicha bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmoli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Bu chora bilan bir yilda 470 ming oilani qamrab olish nazarda tutilmoqda. Sharoiti ogʻir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan taʼminlash ishlari ham davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari Hukumatga belgilangan yordam uchun mablagʻlarni oʻz vaqtida yoʻnaltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni taʼminlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.

Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar va tarmoqlardagi yoʻqotishlarni qisqartirish boʻyicha ham qator koʻrsatmalar berildi.

Related

ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгашининг кенгайтирилган мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлигига бўлажак раисликнинг устувор йўналишларини белгилаб берди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгаши мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги доирасидаги ҳамкорликнинг устувор йўналишларини кўрсатиб ўтди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga bo‘lajak raisligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi
09. Okt 2026