Davlatimiz rahbari Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi

19 Okt 2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqand shahrida “C5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Barcha darajalardagi aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda ikki mamlakat munosabatlari tarixida yangi mexanizm – Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari izchil oshib bormoqda. “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda uchinchi Hududlar forumi va Turkmaniston shaharlarida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlariga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Related