BMT Bosh kotibi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

29 Iyun 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 30-iyun – 1-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Oliy martabali mehmonning tashrifi doirasida Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari, shuningdek, global siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari o‘rin olgan. Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Tashrif davomida BMT Bosh kotibi qator sanoat va ijtimoiy soha obyektlarini ham borib ko‘radi, ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi.

Related