Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Chust tumanidagi “Megaton” korxonasining gaz-beton bloki ishlab chiqarish majmuasida bo‘ldi.
Aholi soni o‘sib, urbanizatsiya kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni yildan yilga oshirayapti. Mamlakatimizda qurilish materiallari tarmog‘i shunga monand jadal rivojlantirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar olib kelinib, yuqori samarador mahsulotlar o‘zlashtirilmoqda.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, «Turonbank» tomonidan moliyalashtirilgan gazoblok korxonasi shulardan biri. 40 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Xitoy, Germaniya, Daniya kabi davlatlardan innovatsion texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Shu bois ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va samaradorligi yuqori.
Masalan, Germaniya texnologiyasi energiya tejamkorlikni ta’minlaydi. Bunday gazoblokdan qurilgan binoni tashqi izolyatsiya qilish shart bo‘lmaydi, ichkaridagi issiqlik va salqinlik to‘rt karra kam yo‘qotiladi. Natijada elektr energiyasi xarajati 45 foizgacha qisqaradi.
Ishlab chiqarishda “Megaton” korxonasiga qarashli “Namangan sement”ning 550 markali sementidan foydalaniladi. Bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilgan. Korxonada 500 ta yangi ish o‘rni ochilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni, laboratoriya va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar mahsulot sifati, issiq va sovuqqa chidamliligi haqida ma’lumot berdi.
– Qurilish sanoatimiz zamon talabiga moslashib, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayotgani yaxshi, – dedi davlatimiz rahbari. – Bunday innovatsion texnologiyalarni import ulushi yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlarda ham qo‘llash kerak. Shunda bozorda raqobat, xaridorlarda tanlov bo‘lib, joylarda ish o‘rni ko‘payadi. Buning uchun izlanuvchan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Mazkur korxonada yiliga 600 ming metr kub mahsulot ishlab chiqariladi. Bu viloyatda g‘ishtga bo‘lgan ehtiyojning 28 foizini qoplashi kutilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida avtoklav gazoblok devori, maxsus kley, kimyoviy qorishma va suvoqlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.