Davlatimiz rahbari sut mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi

17 Avg 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi “Tillo domor” korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatida qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilgan.

Xorazm viloyati sut yetishtirish salohiyati yuqori hududlardan biri. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, chorvachilikni ixtisoslashtirish va sutni sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

“Tillo domor” korxonasining umumiy qiymati 11 million dollar boʻlib, yiliga qariyb 100 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.

Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xoʻjaligi va aholidan xarid qilinadi. Bu, oʻz navbatida, chorvachilik bilan shugʻullanayotgan aholi uchun barqaror sotuv bozorini yaratishga xizmat qilmoqda.

Korxonada 120 ta ish oʻrni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham oʻrnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish oʻrni tashkil etish, mahsulot turlarini koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda viloyatda 1 ming 200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga bu boradagi tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Related

ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгашининг кенгайтирилган мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлигига бўлажак раисликнинг устувор йўналишларини белгилаб берди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгаши мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги доирасидаги ҳамкорликнинг устувор йўналишларини кўрсатиб ўтди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga bo‘lajak raisligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi
09. Okt 2026