Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti

08 Okt 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy quvvatlar barpo etildi, ishlab chiqarish va eksport hajmlari ortib bormoqda. Masalan, joriy yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mga yetdi. Eksport 970 million dollarni tashkil qildi.

Shu bilan birga, sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Xususan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, misni chuqur qayta ishlash va eksportni diversifikatsiya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda mis mahsulotlari eksportining atigi 60 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ulushiga to‘g‘ri kelyapti.

Taqdimotda mamlakatimizda chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish, bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.

Tarmoqda an’anaviy turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan birga yuqori texnologik turlarini o‘zlashtirish, jumladan, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi loyihalar hisobiga kelgusi yillarda yurtimizda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar ushbu xomashyo bazasidan foydalanib, uning negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida axborot berdi.  Serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan. Umuman, bu yo‘nalishda 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Taqdimotda hududlardagi elektrotexnika texnoparklarining faoliyati ham ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda milliy mahsulotlarimizni xalqaro bozorlarga chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda. O‘zbekiston standartlar instituti Xalqaro elektrotexnika komissiyasi baholash sxemasiga a’zo organ sifatida qabul qilindi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sertifikatlarining 53 davlatda tan olinishini ta’minlaydi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi “CE” belgisi beriladi. Bu esa Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.

Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan chora-tadbirlar va loyihalar ijrosini jadallashtirish, eksportning o‘sish sur’atlarini saqlab qolib, yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Related