Farmatsevtika tarmog‘idagi natijalar va loyihalar taqdimot qilindi

23 May 2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Iqtisodiyot va aholi salomatligida muhim o‘rin tutadigan bu sohaga alohida e’tibor qaratilib, zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratib berilmoqda. Birgina joriy yil boshida shu borada ikkita hujjat qabul qilindi. Xususan, 10-yanvardagi Prezident qaroriga muvofiq, 2024-2025-yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 23-yanvarda qabul qilingan farmonda farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Sohadagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratildi. Bundan tashqari, Asaka bank tomonidan 200 million dollar jalb qilindi.

Bu imkoniyatlar natijasida o‘tgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish o‘rni yaratilgan. 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport qilingan.

Lekin, bu natijalar hali yetarli emas. Imkoniyatlar ham, rejalar ham ulkan.

Xususan, bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirib, 470 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish choralari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika sohasiga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham axborot berildi.

Related