Davlatimiz rahbari Bo‘stonliq tumaniga tashrifi chog‘ida “Ugam-1” kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda energiya quvvatlarini oshirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Xususan, hududlarda kunlik energiya ta’minotida gidro energetika qulay va samarali. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan har bir hudud va mahalla kesimida elektr bilan ta’minlay oladi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon. Shu bois keyingi yillarda bu sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Toshkent viloyatida umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir. Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028-yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Quvvati 1,48 megavatt bo‘lgan ushbu “Ugam-1” kichik GES qurish orqali yiliga 11,8 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Zamonaviy samarador gidroagregatlar va avtomatik boshqaruv tizimi o‘rnatildi. E’tiborlisi, bunda to‘liq yurtimiz mahsulotlari ishlatilgan. Boshqacha aytganda, uni milliy brend deyish mumkin.
Loyihani amalga oshirish natijasida hududdagi Chorbog‘, Xumson va Ugam mahallalardagi 5 mingta xonadon hamda turizm va dam olish maskanlari uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi. Yiliga qariyb 4 million metr kub gaz tejaladi.
Hozircha Ugam daryosida ikkita kichik GES qurildi. Ularning har biridan yiliga ikki yuz milliard so‘m daromad olinayapti. Suv oqimidan takror-takror faydalanish orqali bunday stansiyalarni o‘ntagacha yetkazish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu bilan nafaqat energetika masalasi hal bo‘ladi, balki hudud infratuzilmasi ham yaxshilanadi. Tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi korxonalari paydo bo‘ladi.
Davlatimiz rahbariga hududlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2023-yilga qadar jami quvvatlarni 6 ming megavattga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mamlakatimiz bo‘yicha ikki mingtagacha mikro va kichik GESlar qurish imkoniyati bor.