Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Har bir mamlakat rivojlanish jarayonida kambag‘allikni qisqartirish bosqichidan o‘tadi. O‘zbekiston ham 2020-yilda aholining muayyan qismi kambag‘al ekanini tan olib, ularga madad berishga kirishdi. Moliyaviy-tashkiliy choralar ko‘rilib, tizim joriy qilindi. Bu o‘z samarasini berib, uzoq yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan 3 milliondan ziyod odamlarning sharoiti yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi.
Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Hozirgacha bo‘lgan tizim bilan natijadorlikni oshirish qiyin. Kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, ularni bu holatdan olib chiqish va mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmaydi.
Shu yil 12-iyul kuni Farg‘ona viloyatida o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari bu borada yangicha yondashuvlar kerakligi, endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘lishini aytgan edi.
Taqdimotda ushbu ikki sohani mutanosib rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, tahlillardan kelib chiqib, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashiladi.
Shu taxlit, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi.
Bugungi kunda hokim yordamchilariga 20 dan ortiq vazifalar yuklatilgan. Shu sababli kambag‘allikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolgan. Endi hokim yordamchilarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqilib, asosiy e’tibor kambag‘allikni qisqartirish va ular bandligini ta’minlashga qaratiladi.
Har yili kambag‘allikni qisqartirishga 14 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yo‘q. Shu bois bu tizim ham o‘zgartiriladi. Mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablag‘lar, birinchi navbatda, oilani kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Ish o‘rinlarini zaxiralash amaliyoti o‘rniga ehtiyojmand kishilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinadi. Bo‘sh ish o‘rinlari to‘liq raqamlashtiriladi. Buyurtmachini kasanachi va frilanserga bog‘laydigan onlayn platforma tashkil qilinadi. “Ishga marhamat” monomarkazlarida kambag‘al fuqarolarni xizmatlar sohasida zamonaviy kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
– Oxirgi yillarda to‘plangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambag‘allikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ijtimoiy ko‘maklarning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash, bandlik va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.