Mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga

01 Sen 2026

Aziz farzandlarim!

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Hurmatli ota-onalar!

Barchangizni Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ bayramiga uyg‘un va hamohang holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda beg‘ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 800 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga o‘zimning ezgu tilaklarimni bildiraman.

Yangi o‘quv yili mamlakatimizning butun ta’lim tizimida, maktab, litsey, texnikum va oliygohlarimiz hayotida yangi ma’rifiy yuksalish yili bo‘lsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir.

Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir.

Hech shubhasiz, bunday ulug‘ maqsadlarga yetishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz. Maktab bag‘ridan katta hayotga yo‘llanma oladigan farzandlarimiz puxta bilim bilan birga, albatta kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Buning uchun hududlarda “Kasblar shaharchalari”ni yaratib, zamonaviy tajriba hamda ilg‘or mutaxassislarni jalb etamiz.

Aziz farzandlarim, sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llaringizda paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir. Go‘zal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlab, yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni, ona tilimiz, boy tariximiz va madaniyatimiz asoslarini puxta egallang. Jahon tarixi va xorijiy tillarni ham astoydil o‘rganing. Izlanish va harakatdan hech qachon to‘xtamang.

Ajdodlarimizdan meros bo‘lgan tabarruk zaminimizni butun qalbingiz, yuragingiz bilan seving, xalqimiz va Vatanimizga cheksiz sadoqat tuyg‘ulari bilan yashang!

Shu yo‘lda mehribon ustozlaringiz, ota-onalaringizni eng yaqin do‘st va maslahatchi deb biling!

Sizlarga yangi o‘quv yilini a’lo baholar bilan boshlab, har bir o‘quv choragini muvaffaqiyatli yakunlashni, sihat-salomatlik, omad va zafar yor bo‘lishini tilayman.

Bilimlar bayrami barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Related

ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгашининг кенгайтирилган мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлигига бўлажак раисликнинг устувор йўналишларини белгилаб берди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги давлат раҳбарлари кенгаши мажлисидаги нутқи
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Ўзбекистон Президенти Мустақил Давлатлар Ҳамдўстлиги доирасидаги ҳамкорликнинг устувор йўналишларини кўрсатиб ўтди
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqi
09. Okt 2026
ТАРАҚҚИЁТ СТРАТЕГИЯСИ
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga bo‘lajak raisligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi
09. Okt 2026