Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-dekabr kuni Navoiy viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Navoiy – ham hudud, ham infratuzilma, ham sanoat salohiyati jihatidan katta viloyat. So‘nggi yetti yilda 8 milliard dollar investitsiya kiritilib, 6 ming 500 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil 2 milliard 200 million dollarlik 577 ta loyiha yakunlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining o‘tgan oyda viloyatga tashrifi chog‘ida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, qo‘shimcha imkoniyatlarni izlab topish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Yig‘ilishda shu asosida tayyorlangan takliflar ko‘rib chiqildi.
Masalan, Karmana tumanidagi kimyo texnoparkiga tutash yaylov yerda yangi sanoat korxonalarini joylashtirish mo‘ljallanmoqda. Infratuzilma va xomashyo borligi bois u yerda kelgusi yilning o‘zida kaolin, kvars, dioksid kremniy, mato bo‘yog‘i loyihalarini boshlash mumkin.
Xitoylik investorlar Xatirchi tumanida kvars va granitni qazib olish hamda qayta ishlash tashabbusini bildirgan. Konimex, Navbahor va Uchquduq tumanlarida joylashgan 11 ta foydali qazilma maydoni ham o‘zlashtirish uchun istiqbolli.
“Aydarko‘l” atrofidagi 150 gektarda mehmonxona va dam olish maskanlari barpo etilsa, 10 ming nafargacha sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan loyihalar amalga oshiriladi, 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Nurotaning Sentob, Xatirchining Langar va Angidon qishloqlarida 200 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilishi yiliga 600 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilish, 500 nafar aholi bandligini ta’minlash imkonini beradi.
Yurtimizdagi yaylovlarning 43 foizi Navoiy viloyatida, lekin uning 5 foizidan foydalanayapti, xolos. Shu bois 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravor urug‘lar sepiladi hamda aholiga bo‘lib beriladi. Tomdi hamda Uchquduq tumanlarida echkichilik va qo‘ychilik rivojlantiriladi.
Shuningdek, Tomdi va Nurota tumanlarini qurilish materiallari, chorvachilik hamda turizmga, Xatirchini to‘qimachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish uchun barcha sharoit bor. Xususan, Xatirchida geni o‘zgarmagan va organik mahsulot sertifikatini beradigan zamonaviy laboratoriya tashkil qilinmoqda. Mazkur tumanda 500 gektar, Navbahorda 200 gektar adir yerlarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilinadi.
Dalalar va mahallalarda bozorbop mahsulotlar yetishtirish rag‘batlantiriladi. Jumladan, Italiyadan kungaboqar urug‘i olib kelib, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda ekishni taklif qilinmoqda. Natijada 5 ming aholi qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi, ishlab chiqariladigan kungaboqar yog‘i viloyat aholisining yillik talabini qoplaydi. Paxtachilikda ham hudud tuprog‘iga mos, suvsizlikka chidamli go‘za Xitoy navlarini ekish kengaytiriladi.
Bu yilning o‘tgan davrida viloyatda 111 ming aholi ishga joylashtirilgan. 2025-yilda 140 ming aholining bandligini ta’minlash, 10 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda Navoiy viloyati hokimi shu kabi resurslarni ishga solish, 2025-yilda tarmoq korxonalaridan tashqari 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 320 million dollar eksportni ta’minlash bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Lekin bular viloyat salohiyati darajasida emasligi bois rejalarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Yangi loyihalarni ko‘proq Konimex, Nurota, Xatirchi va Tomdi tumanlarida joylashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Ishsiz aholini zamonaviy kasblarga o‘qitib, yurtimizda va chet eldagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi belgilandi. Iqtisodiy imkoniyatlari keng, shu bilan birga, aholisi nisbatan ko‘p bo‘lmagan Navoiy viloyatini ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.