Norin daryosida “birinchi milliy GES” ishga tushirildi

16 Sen 2025

O‘tgan yili 25-mart kuni davlatimiz rahbari Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Bugun ulardan biri – Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Oxirgi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda o‘ndan ziyod quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, qator hududlarda 450 megavattli gidroelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi.

Hozirda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.

Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda, uni mamlakatimizdagi “birinchi milliy GES” deyish mumkin.

GES-1 yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.

O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

GESda suv to‘sish inshooti ham qurildi. Shuningdek, hududda ma’muriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza qilish va hududni obod qilish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

Shu jihatlari bilan bu yer nafaqat energetika, balki ekoturizm va rekreatsiya maskaniga ham aylanadi.

Umuman, Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026-yilda ikkinchi va uchinchi, 2027-yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ularning faoliyatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Energetika tizimidagi bunday yirik loyihalar aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, sanoat tarmoqlarini uzluksiz ishlatish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Related