Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.
Bu markaz ilgari eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4-5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi.
O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024-yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda.
Xususan, shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda «noldan» qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga mo‘ljallangan, alohida sanitar xonalari bor.
Bemor hayotini saqlab qolishda vaqt asosiy o‘rinda turadi. Shu bois markazda bemorlarni kasallik darajasi bo‘yicha saralaydigan triaj bo‘limi tashkil etilgan. Ya’ni murojaat qilgan inson vaqt yo‘qotib, sarson bo‘lib yurmaydi. Bu yerga shifokorning o‘zi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi bo‘yicha xulosa qiladi va kerakli bo‘limlarga yo‘naltiriladi.
Oldin murojaat qilgan bemorlarning aksariyati shifoxonada yotqizilgan. Endilikda muayyan tibbiy muolajalardan keyin, bemorning holatiga qarab yashash joyida ambulator davolanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan murojaat qilgan bemorlarga oddiy tekshirish usullarida yordam ko‘rsatilgan. Endi yangi keltirilgan zamonaviy angiografiya uskunasi insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara bermoqda. O‘lim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi.
Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.
Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qo‘shilmoqda.
Davlatimiz rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni o‘qish bilan bog‘lash masalalariga e’tibor qaratdi.
– Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar o‘z ixtisosligi bo‘yicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etish joiz, Qoraqalpog‘istonda 2017-2024 yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning o‘zida shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.