Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahridagi ishbilarmonlik tadbirlari doirasida “Sumitomo Corporation” kompaniyasi prezidenti Shingo Uenoni qabul qildi.
Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish hamda energetika va sanoat sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Samarqand viloyatida ikkita quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimlari qurilishi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shunday loyihani shamol elektr stansiyalari va saqlash quvvatlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham tez fursatlarda amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Kompaniyaning oʻta yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish va tez tibbiy yordam mashinalari parkini modernizatsiya qilishda ishtirok etish rejalari kelishildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari korporatsiya bilan 2030-yilgacha moʻljallangan hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etdi.
