O‘zbekiston Prezidenti AQSH biznesi bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

22 Sen 2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Tadbirda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli, savdo vaziri o‘rinbosari Uilyam Kimmitt, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Boeing”, “Mastercard”, “Visa”, “General Motors”, “Nvidia”, “Oppenheimer”, “Jefferies”, “Air Products”, “Traxys”, “FLSmidth”, “GoGreen Partners”, “Cleveland Clinic”, “Cargill” kabi kompaniyalarning top-menejerlari hamda O‘zbekistonning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan muloqotda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan salmoqli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olinganini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan mazkur uchrashuv ushbu vazifalarni ilgari surishda alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSHning ko‘p qirrali hamkorligi yuksak darajaga ko‘tarildi. Tovar ayirboshlash hajmi 8-yilda 4 barobar oshdi. AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi O‘zbekistonga sarmoya kiritdi.

“Franklin Templeton” bilan birgalikda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etildi.

Muhim minerallarni qayta ishlash va barqaror yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, AT, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va ko‘plab boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surish iqtisodiy va innovatsion sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

O‘z navbatida, AQSHning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tarmoqlarda muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish rejalarini bayon qildilar.

Related