O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

13 Dek 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir hamda energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiydan iborat delegatsiya bilan uchrashuvida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va investitsiyaviy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Sulton Al-Jobir davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum va Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-BAA ko‘p qirrali munosabatlarining bugungi yuksak darajasi alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetdi.

«Yashil» energetika ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol stansiyasi ishga tushirildi – bu loyiha Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

Umuman, ushbu kompaniya ishtirokida so‘nggi yillarda mamlakatimizda umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirildi.

Energetika, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yirik investitsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha darajalardagi samarali muloqotlarni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Related