O‘zbekiston Prezidenti “BYD” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

27 Iyun 2024

27-iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BYD” kompaniyasi prezidenti Van Chuanfuni qabul qildi.

Jizzaxda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonaning muvaffaqiyatli faoliyati katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun zavoddan birinchi elektromobil chiqdi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 160 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Korxonada payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etilgan.

Uchrashuvda Prezidentimiz yaqin istiqbolda modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniyaning mamlakatimizda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalari ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda “Blade” avlodiga mansub batareyalar va “BYD” elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Related