Ostona shahriga tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari hamda Germaniyaning ilg‘or kompaniya va banklari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Germaniya ishbilarmon doiralariga “KNAUF”, “Gunter Papenburg”, “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Aurubis”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy”, “Rhenus”, “HMS Bergbau” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari vakillik qildi.
O‘zbekiston Prezidenti ishtirokchilarni samimiy qutlar ekan, kuni kecha Samarqand shahrida Germaniya ishbilarmonlari bilan bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvning muvaffaqiyatli natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muzokaralar natijalari mamlakatlarimiz tadbirkorlarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, Germaniya ilg‘or tajribasi va innovatsion texnologik yechimlari asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlik doirasida Germaniya bilan sheriklikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Markaziy Osiyo mintaqasi bugungi kunda barqaror iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini namoyon etayotgan keng va jadal bozor ekani ta’kidlandi.
Bunga davlatlar o‘rtasidagi chegaralarning ochilgani, mintaqa ichidagi tovar ayirboshlash, investitsiyalar, yuk tashish hajmi, sayyohlar bordi-keldisi ko‘payishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani xizmat qildi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shu nuqtayi nazardan, bugun bo‘lib o‘tgan sammitda o‘zaro manfaatli muloqot uchun doimiy maydon – «Markaziy Osiyo va Germaniya» Investorlar va tadbirkorlar kengashini ta’sis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yil bahorida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashni taklif qildi. Ushbu hujjatga Germaniya kompaniyalari investitsiyalari oqimini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, ularning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kiritilishi mumkin.
Bugungi kunda mintaqadagi hamkorlar bilan qo‘shma investitsiya fondlari va kompaniyalari ko‘magida maxsus iqtisodiy zonalar va industrial «xablar» tashkil etilmoqda, sanoat, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda.
Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xorijiy mamlakatlarning yetakchi muhandislik markazlari, investitsiya va sanoat korxonalari faol jalb etilmoqda.
Davlatimiz rahbari Germaniya kompaniyalarini mintaqaviy kooperatsiya loyihalarini o‘zaro manfaatli shartlarda amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan ushbu formatdagi muntazam muloqotlar o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.