O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni bilan ustuvor investitsiya loyihalarining borishini ko‘rib chiqdi

04 Iyun 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.

Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, shu jumladan qo‘shma investitsiya loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari «ACWA Power» bilan samarali sheriklik olib borilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimiz energetika tarmog‘ini «yashil» texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishdagi yetakchi o‘rni qayd etildi.

Bugungi kunda joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi.

Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, energetika tarmog‘ini rivojlantirish va raqamlashtirish, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, chiqindilarni qayta ishlash, farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, tibbiy klinikalar ochish, turizm markazlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi loyihalarini ilgari surish va boshqa yo‘nalishlarga doir qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Related