O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirdi

06 Noy 2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida ta’kidladi. Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.

Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda

Shu ma’noda, siyosat va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojia, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlar qoralandi.

Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekani ta’kidlandi.

Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga konstruktiv siyosiy yechim topilishiga umid bildirildi.

Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tarixiy hujjat – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘p qirrali hamkorlikning yorqin ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.

Sammit kun tartibidan kelib chiqib, O‘zbekiston yetakchisi bir qator ustuvor masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, davlatimiz rahbari tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahakamlash muhimligini ta’kidladi. Shu ma’noda, Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish maqsadida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Shu munosabat bilan savdo sohasidagi salohiyatni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi tahlil markazlarining anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.

Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.

Jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning qiymati ortib bormoqda, rivojlanayotgan davlatlarga uzoq muddatli va «yashil» kreditlar ajratish shartlari murakkablashmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, moliyaviy instrumentlarni joriy etish, Turkiy investitsiya fondi faoliyatini faollashtirish va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy investitsiya kompaniyalarini jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Turkiy investitsiya forumini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, O‘rta yo‘lak bo‘yicha tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralarni kesib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish yana bir ustuvor masala sifatida belgilandi.

Tashkilot doirasida tashishlarda elektron hujjat aylanishiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolash tashabbusi ilgari surildi.

Ushbu masalalarni biznes vakillari ishtirokida batafsil muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilar alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazish dolzarbligi qayd etildi.

Bu galgi sammit mavzusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelajak iqtisodiyotini keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ilg‘or tajriba va yutuqlarni almashish, innovatsiyalar, infratuzilma va ilm-fanning raqamli tizimlarini, yirik ma’lumotlar markazlarini yaratishga qaratilgan «Raqamli turkiy dunyo» konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni kelgusi haftada Boku shahrida COP-29 Global sammiti ish boshlashi bilan samimiy qutlab, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘tkir ekologik muammolarga yechim topish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tez fursatda tashkil etish zarurligini ta’kidladi hamda uning birinchi uchrashuvini kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi.

Qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, yoshlarni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida tashkilotga a’zo mamlakatlar tillarida turkiy xalqlar og‘zaki ijodining ko‘p jildlik to‘plamini nashr etish, birgalikda fundamental tadqiqotlar olib borish, maktablarda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san’ati bo‘yicha fakultativ darslarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining to‘laqonli a’zosi bo‘lishga tayyorligi bildirildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.

Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar qabul qilindi.

Related