O‘zbekiston Prezidenti UNESCO Bosh konferensiyasi navbatdagi sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi

29 Okt 2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Bosh konferensiyaning tarixiy sessiyasi qirq yil ichida birinchi marta UNESCOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Bunday keng ko‘lamli xalqaro forumning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning tashkilot g‘oyalari va qadriyatlariga sodiqligi, shuningdek, tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global muloqotni rivojlantirishga faol hissa qo‘shishga qat’iy intilishining yorqin tasdig‘i bo‘ladi.

Ushbu muhim sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalaridagi asosiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan 150 dan ortiq turli shakldagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bunday nufuzli xalqaro tadbir dunyoning eng qadimiy va ulug‘vor shaharlaridan birida tashkil etilgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Bu jahon hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak ishonchi, uning madaniyatlararo muloqot g‘oyalarini ilgari surish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasidagi nufuzi hamda faolligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbirda 200 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlardan yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etadi.

UNESCO Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasasi bo‘lib, 1945-yilda ta’lim, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi 1993-yilda UNESCOning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi. 1996-yilda Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochilgani mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan hamkorligi va ko‘p qirrali sherikligini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.

Related