O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya elchisini qabul qildi

14 Avg 2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi.

Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezga mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Elchi xonim uning diplomatik missiyasi yuksak baholangani hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Related