O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sharq taronalari” o‘n uchinchi xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimidagi nutqi

27 Avg 2024

Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bugungi shukuhli oqshomda sizlar bilan serquyosh O‘zbekistonda, Vatanimizning bebaho gavhari bo‘lmish azim Samarqand shahrida ko‘rishib turganimdan baxtiyorman.

Avvalambor, YUNЕSKO shafeligida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tashrif buyurgan siz, muhtaram san’at namoyandalariga, nufuzli faxriy mehmonlarimizga, xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillariga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Barchangizga samimiy hurmat-ehtiromimni bildirib, butun O‘zbekiston xalqining salomi va ezgu tilaklarini yetkazishga ijozat bergaysiz.

Muhtaram festival ishtirokchilari!

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan besh yillik tanaffusdan so‘ng o‘tayotgan “Sharq taronalari” festivalini san’atkorlar ham, muxlislar ham birdek sog‘ingan, desam, haqiqatni aytgan bo‘laman. Shu bois, bugungi san’at bayrami barchamizni yangicha ruh va shukuh bilan o‘ziga chorlamoqda.

Mamlakatimizda o‘n uchinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman garchi “Sharq taronalari” deb atalsa-da, bugungi kunda u mohiyat e’tiboriga ko‘ra, “Jahon taronalari” festivaliga aylanganiga barchamiz guvohmiz.

Bu haqiqatni birinchi festivalda 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yil barcha qit’alardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san’atkor va olimlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi.

O‘tgan davr mobaynida Samarqandning yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. Ko‘hna Sharq bag‘rida tug‘ilgan musiqiy qadriyatlar anjumanimiz tufayli xalqaro miqyosda keng e’tibor va e’tirof qozondi. Festival o‘nlab mahoratli xonanda va sozandalarni, iste’dodli yoshlarni kashf etdi, ularning parvoziga qanot, ijodiga kuch va ilhom bag‘ishladi.

Qadrli do‘stlar!

Dunyodagi jamiki xalqlar qatori o‘zbek eli ham tinchlik va osoyishtalikni yuksak qadrlaydigan, oqko‘ngil va bag‘rikeng xalqdir. Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining tub mohiyatini ham turli davlatlar bilan tinchlik va hamkorlik, do‘stona munosabatlarni rivojlantirish tamoyili tashkil etadi.

Shu ma’noda, yurtimizda “Sharq taronalari” anjumani bilan birga, xalqaro maqom san’ati, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san’ati bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ular, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu da’vatidir.

Bunday chorlov hozirgi vaqtda g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun ko‘z o‘ngimizda dunyoning butunlay yangi, beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturasi shakllanmoqda. Turli mamlakatlar o‘rtasida nizo va adovatlar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti kuchaymoqda. Jamiyatlar ichida ma’naviy tanazzul ildiz otmoqda. Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo‘lib bormoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san’at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur.

Bugun biz tanlagan yo‘l kelajagimiz va taqdirimizni belgilaydi. Bu ko‘hna dunyo tinchlik va do‘stlik bilan yashnaydi, yasharadi. Insonlar, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlikni esa, birinchi navbatda, sizlar kabi ezgu niyatli ijodkorlar, sizlarning hamfikr va birdamligingiz, adabiy-madaniy hamkorlik mustahkamlaydi.

Aziz do‘stlar!

Mana shu muhtasham maydonda mag‘rur hilpirab turgan bayroqlarga qarang! Qaysi mamlakat, qaysi xalq timsollarini ko‘rmaysiz bu yerda! Ular ifoda etadigan ranglar jilosi va garmoniyasi, festivalda yangraydigan kuy va qo‘shiqlar barchamizning ko‘nglimizdagi olijanob orzu-intilishlar bilan uyg‘un va hamohangdir. Shu holatning o‘zi ham insoniyatning asli va nasli bir ekanidan dalolat bermaydimi?

Mana shunday ezgu va ulug‘ maqsadlarni o‘z hayotining mazmuni deb bilgan siz, azizlarni – yetti iqlimdan kelgan tinchlik va do‘stlik elchilarini bugun mehmondo‘st va ma’rifatli Samarqand ahli, butun O‘zbekiston xalqi bag‘rini ochib qarshi olmoqda.

Bizning xalqimiz azal-azaldan san’atga mehr va ixlos qo‘yib yashaydi, musiqani inson ruhining ilohiy quvvati deb biladi. Buyuk Sharq mutafakkirlari musiqa ilmi va tarixi, maqom san’ati, cholg‘u sozlari haqida ajoyib asarlar yaratganlar. Biz barchamiz mana shunday o‘lmas madaniy merosning vorislarimiz. Binobarin, bu ulkan merosni birgalikda o‘rganish va keng targ‘ib etish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifadir.

Shu ma’noda, betakror Samarqand zaminida dunyoning taniqli ilm-fan va madaniyat arboblari ishtirokida mamlakatimizning madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha kuni kecha o‘tkazilgan navbatdagi xalqaro ilmiy kongress muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Ushbu anjumanda mamlakatimiz madaniy-gumanitar hayotida o‘ziga xos megaloyiha bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangi g‘oya va tashabbuslar, qimmatli taklif va tavsiyalar bildirilgani bizni albatta mamnun etadi.

Ayniqsa, muqaddas musulmon dinining gumanistik mohiyatini ochib berish, islom avvalo ezgulik, tinchlik, ilm-ma’rifat va madaniyat ta’limoti ekanini yana bir bor ta’kidlash, islomofobiya ko‘rinishlariga barham berishga qaratilgan sa’y-harakatlar nihoyatda dolzarbdir.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, O‘zbekistonning chinakam do‘stlari bo‘lgan ushbu kongressning hurmatli a’zolariga jonajon Vatanimiz, xalqimizga ko‘rsatayotgan yuksak hurmat va e’tiborlari uchun chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda “Sharq taronalari” festivalining tarixi va an’analarini, Sharqning boy va rang-barang musiqiy madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shakli – ko‘p tarmoqli axborot platformasini yaratishning vaqti keldi, deb hisoblayman.

Men ushbu qomusni tayyorlashda, jahonning turli muzey va kutubxonalari, arxiv va fondlarida tarqoq holda saqlanayotgan qimmatli ma’lumotlarni to‘plash, ularning yagona bazasini yaratish va kelajak avlodlarga yetkazishdek ezgu va xayrli ishda barchangiz faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Shu bilan birga, yurtimizda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqqan holda, ushbu anjumanimizning ko‘lami va jozibasini yanada oshirish maqsadida “Sharq taronalari” festivalining xalqaro Do‘stlar klubini tashkil etishni taklif qilaman.

Ma’lumki, har bir festival davomida yangi-yangi musiqiy asarlar yaratiladi, muxlislar qalbidan joy oladigan dilbar kuy-qo‘shiqlar ijro etiladi. Afsuski, mana shunday noyob taronalar ko‘pincha faqat bir anjuman doirasida yangraydi, xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinmaydi. Shu bois, festivalimizning barcha g‘olib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida katta-katta konsert dasturlarini namoyish etish taklifini bildirsam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysizlar.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

“Sharq taronalari” festivali betakror Registon maydonida, “Yer yuzining sayqali” deb nom qozongan, asrlar bo‘yi o‘z tarovati va jahonshumul shuhratini saqlab kelayotgan afsonaviy Samarqand shahrida o‘tkazilishi albatta bejiz emas.

Bundan ming yil avval Sharqning mashhur shoiri Abul-Fath al-Bustiy “Bu dunyo jannatining nomi erur Samarqand”, deb yozgan edi. Bu haqqoniy baho nafaqat tarixiy, balki zamonaviy Samarqand uchun ham  bag‘oyat mos va munosibdir.

O‘tmishda qanchadan-qancha karvon yo‘llari o‘tgan, qanday buyuk tarix va madaniyat yaratgan, shaharlar sarvari Samarqand bugun yana navqiron qiyofa kasb etib, dunyo hamjamiyatiga tinchlik salomini yo‘llab turibdi.

Festival sharofati bilan xorijdan kelgan mehmonlarimiz Samarqandni yana bir bor o‘zlari uchun kashf etar ekanlar, ne-ne shoirlar, ne-ne hofizlar kuylagan bu muazzam shaharning bugungi jamoli, ochiqko‘ngil va saxovatli xalqimizning ezgu fazilatlari ularni albatta o‘ziga maftun etadi, deb ishonamiz.

Fursatdan foydalanib, anjuman doirasida o‘tkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Bugungi san’at bayramini yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan barcha insonlarga, mehnatkash va olijanob, mehridaryo Samarqand ahliga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘laydigan “Sharq taronalari” olam uzra hamisha baralla yangrasin!

Festivalning barcha ishtirokchilariga omad va yutuqlar yor bo‘lsin!

Related