O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi

20 Avg 2025

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli tadbirkorlar, anjuman ishtirokchilari!

Avvalambor, cizlar bilan eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami oldidan uchrashib turganimdan behad xursandman.

Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimizning og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – cizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir.

Bugungi tadbirimizni shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi.

Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar topish haqida kelishib olamiz.

Hurmatli tadbirkorlar!

Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq cizlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodiyoti qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishdik.

Adolatli hakam bo‘lsa aytsin, o‘tgan sakkiz yilda qattiq mehnat va mashaqqatlar bilan iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlarini yo‘qdan bor qildik. E’tibor bering, bu davrda turli sohalarga 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.

Bir qarashda aytishga oson bo‘lgan ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin, biz buni uddaladik.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda, pragmatik va proaktiv siyosatimiz tufayli, bu yil birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foizga o‘sdi.

Bu yutuqlarimizning barchasi – cizlar bilan birgalikda qilgan mashaqqatli mehnatimiz mahsuli, albatta.

O‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddatda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi. Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida oborotini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa, 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona oldinga ikki qadam sakrab, yirik biznes safiga qo‘shildi.

O‘tgan yili oboroti 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi. Nasib qilsa, yil yakunigacha ular ham bemalol “trillionchilar” safiga qo‘shiladi.

Biznesni “soya”dan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlarni ko‘paytirganimiz hisobidan 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘payib, 2,2 milliondan 3 millionga yetdi. 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirdi.

O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.

Men bu misollarni nima uchun aytyapman? Odamlarimiz tadbirkorlikning “hadisi”ni olib, ishbilarmonga aylandi, yurtimizda barqaror rivojlanayotgan yangi biznes hamjamiyati shakllandi.

Aziz do‘stlar!

An’anaga ko‘ra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib, yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlarimizning 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ularning orasida ilmi, tafakkuri bilan biznes rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlarimiz ham bor.

O‘tgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorimiz, mirishkor dehqon va fermerlarimiz, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi. Ayniqsa, homiylik qilib, bog‘cha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashayotgan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.

Hech shubhasiz, o‘g‘il-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta sharoit yaratib berayotgan, ularning jahon va qit’a, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga ko‘maklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir.

Ushbu zalda ham, hududiy studiyalarda ham ularning ko‘pchiligini ko‘rib turibman. Sizlarning fidokorona mehnatingiz tadbirkor bo‘laman, degan minglab o‘g‘il-qizlarimiz uchun ilhom manbaiga aylanmoqda.

Fursatdan foydalanib, siz, hurmatli tadbirkorlarga, sizlar orqali butun respublikamizning biznes vakillariga o‘zimning chuqur va samimiy minnatdorligimni izhor qilaman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Qadrli biznes vakillari!

Ilk ochiq muloqotimizdan buyon shu kungacha sizlarning 1 mingga yaqin tashabbusingiz qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki oddiy odamlar ham o‘zining kundalik hayotida his qilmoqda.

Anjumanimiz ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda o‘tayotganida albatta ramziy ma’no mujassam. Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yo‘lidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli bo‘ladi.

Siz, tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi.

Bu yerdagi to‘liq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilmalar sizlarning ko‘plab g‘oya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi.

Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. “Koll-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.

Hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib o‘tirmasdan, meva-sabzavot eksporti va to‘qimachilikda to‘planib qolgan muammolarga yechim topib berdim.

O‘tgan haftada biznesni “soya” dan chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha ham tadbirkorlarga yanada qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta-katta yangiliklarni e’lon qildik.

Birinchi. Yurtimizda 300 mingga yaqin yakka tartibdagi tadbirkorlar, yana 5,5 million nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat yuritmoqda.

Asosiy maqsadimiz – ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka to‘plagan mana shunday tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish.

Shu bois, o‘tgan haftada yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejimni joriy etish bo‘yicha qarorni imzoladim.

Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va SMS xabarnoma orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Mamlakatimizda 40 dan ziyod elektron to‘lov tashkilotlari mavjud bo‘lib, aholimiz o‘ziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda. Bu – naqdsiz to‘lovni rag‘batlantirish uchun eng yaxshi instrument. Endi, 1 noyabrdan boshlab, tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal “Kyu-ar” kod beriladi.

Yana bir yangilik – yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelgusi yil 1 yanvardan bir xil, ya’ni, oborotidan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi. Masalan, hozir oboroti 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki oboroti 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.

Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m, tasavvur qilayapsizlarmi, 1 trillion so‘m qolyapti.

Bu – kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, yakka tadbirkorlar o‘z biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat.

Bu sizlarga ma’qulmi?

Ikkinchi. O‘tgan haftada 200 dan ortiq to‘qimachilik korxonalari vakillari bilan uchrashib, sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 7 trillion so‘mlik tashabbuslarni e’lon qildik.

Tez kunlarda to‘qimachilikda “ishonchli eksportchi” dasturini boshlab, eksportoldi moliyalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi va buning uchun 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Bu – elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, farmatsevtika kabi eksport salohiyati yuqori, lekin imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan sohalar uchun ham joriy etiladi. Ushbu sohalardagi tadbirkorlarning aylanma mablag‘i uchun 500 million dollar beriladi.

Har bir tarmoqning sifati kafolatlangan, raqobatdosh 10 tadan mahsulotiga “O‘zbekiston ramzi” sifat belgisini berib, ularni dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaymiz. Bunda AQSH, Yevropa, Yaponiya, Koreya kabi narx va talab yuqori bo‘lgan bozorlarda mahsulotlarimizni targ‘ib qiladigan taniqli brend-menejer, marketolog, piar-menejerlarning xarajati qoplanadi.

Poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi “dimiqib qolgan” korxonalarni mehnat resursi, bo‘sh yeri ko‘p bo‘lgan tumanlarga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tekstil sohasidagi tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.

Ishchi kuchini ko‘p talab qiladigan boshqa tarmoqlardagi korxonalar ham bunday tashabbus bilan chiqsa, ularni ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.

Arzon xomashyo bilan ta’minlash maqsadida 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlamani bojxona bojidan ozod etyapmiz. Lekin bunday muammo sanoatning boshqa sohalarida ham bor. Jahon banki ekspertlari ham tarif siyosati ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi kerakligini aytmoqda.

Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida barcha sohalardagi tadbirkorlardan bu yo‘nalishda 130 ta murojaat kelib tushgan. Zalda iqtisodiyot va investitsiyaga mas’ul bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, J.Xodjayev hamda sanoat uyushmalari rahbarlari o‘tiribdi.

1-noyabrgacha muhlat: ular har bir tarmoq, hududiy korxona talabini o‘rganib, boshqa xomashyo va butlovchi qismlar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqadi va natijasini e’lon qiladi.

Endi import jarayonida muvofiqlik sertifikatlari har bir partiyaga emas, shartnomada ko‘rsatilgan hajm uchun beriladi.

Dunyoning ayrim mintaqalaridagi notinchliklar oqibatida tashqi bozorlardagi tebranishlar, logistikadagi uzilishlar eksport tushumlarining kechikishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda shundoq ham puli tushmayotgan tadbirkorlar muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima to‘layapti. Bu masalani juda ko‘p to‘qimachilik korxonalari va meva-sabzavot eksportyorlari ko‘tarib, yengillik so‘radi. Muammoning yechimi barcha eksportchi korxonalarga tegishli bo‘lgani uchun buni ochiq muloqotda e’lon qilishga qaror qildim.

Endi davlat ulushi bo‘lmagan korxonalarga eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga bir yillik “moratoriy” e’lon qilinadi.

Hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga bu yil 1,7 trillion so‘m ajratildi. Kelgusi yili bu xarajatlarni 25 foizga oshirib, 2,1 trillion so‘mga yetkazamiz.

Bundan tashqari, poytaxtimizda tadbirkorlar soni tobora oshib borayotganini inobatga olib, elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun yana 2 trillion so‘m beramiz.

Iqtisodiyotimiz barqaror o‘sgani sari yangi infratuzilmaga talab ortib boraveradi. Korxonasiga tashqi infratuzilmani o‘z hisobidan barpo etayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda. Endi ularning bu xarajati soliq bazasidan chegirib tashlanadi.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Kuni kecha tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham alohida farmonni imzoladim. Muloqot davomidagi yangi takliflaringiz bo‘yicha ham uch kunda qaror chiqadi. Men hozir aytadigan tashabbuslarning barchasi bugundanoq kuchga kiradi.

Uchinchi. Qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasini jadal rivojlantiramiz.

Yil boshidan yurtimizga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqdi. Kelgusi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 million nafarga yetadi. Shu bois, turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dasturni boshlaymiz.

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona quraman, degan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Buning evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi. Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantiryapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab berishga majburmiz, deb aytmoqda. Endi Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu raqam 2 karra ko‘paytiriladi.

Hozir bir masalani o‘ylab qoldim. Xorijiy sayyohlar asosan xalqaro brend mehmonxonalarni biladi va ularga joylashadi.

Keling, mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazaylik. Buni nima uchun aytyapman. Tanlov bo‘lsa, turli hududdagi tadbirkorlar bir-biri bilan tanishadi, o‘zidagi sharoitni namoyish qilib, bu biznesdagi yangi trendlarni o‘rganadi. Bunda mukofot jamg‘armasini 1 million dollar qilib belgilasak, sayyohlar e’tiborini qozongan, “Buking kom”, “Trip edvayzer” kabi nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof etilgan mehmonxonalarni har yili taqdirlasak, o‘ylaymanki, bu sifat uchun ishlayotgan mehmonxonalarga katta rag‘bat bo‘ladi.

Qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni “magnit” kabi o‘ziga tortadi, servis gurkirab rivojlanadi. Mirakida qilgan ishlarimiz buni isbotladi.

Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlarni ko‘paytiramiz. Chortoqning “Qorabog‘” mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida yil – o‘n ikki oy xizmat ko‘rsatadigan 300-500 gektarli yirik kurort zonalar tashkil etiladi.

Bu loyihalarning infratuzilmasi uchun 150 million dollar beriladi. Natijada savdo va servis sohasida kamida 20 ming tadbirkorlik subyekti, 100 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, 16 ta tumanni jadal rivojlantirishga bu yil jami 1,1 trillion so‘m ajratildi.

Bunday yondashuvlarni Jahon banki ham e’tirof etib, 250 million dollar beryapti.

Kelgusida yana 500 million dollar hisobidan boshqa tumanlarda ham shunday ishlarni amalga oshiramiz. Bu – sanoat, servis, qurilish sohalaridagi tadbirkorlarga katta imkoniyat, yuz minglab ish o‘rinlari yaratish uchun sharoit bo‘ladi.

Biznes vakillarining 70-80 foizida qo‘shimcha joy olishga ehtiyoj bor. Lekin, ijara sharti tez o‘zgarayotgani ularning kelgusi rejalariga ta’sir qilmoqda.

Kelgusi yildan davlat aktivlari besh yilga ijaraga beriladi. Ijarachi o‘zi xohlagan yoki majburiyatini bajarmagan taqdirdagina shartnoma bekor bo‘ladi.

Ochig‘i, 1991-yilda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi qonun asosan davlat organlari manfaatini himoya qilishga qaratilgan. Shu bois, ijaraga beruvchi va ijarachi huquqlarini birdek himoya qiladigan yangi tahrirdagi qonun ishlab chiqiladi.

Ta’limda xususiy sektor uchun keng yo‘l ochib berganimiz hisobiga oxirgi sakkiz yilda xususiy bog‘chalar soni 120 barobar ko‘payib, 31 mingtaga, maktablar esa 22 barobar ortib, 645 taga yetdi.

Endi bog‘chalar qamrovi 70-80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga yengillik beramiz.

Avvalo, bu tumanlardagi bog‘cha va maktablarning bo‘sh yerlarida xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi. Bunda tadbirkorlardan yer uchun ijara haqi 30 yil davomida undirilmaydi, ularga davlat bog‘chasida har bir bolaga ko‘zda tutilgan xarajatning yarmi subsidiya shaklida beriladi.

Ushbu tumanlardagi boshqa joylarda bog‘cha tashkil qilaman, degan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratiladi, faoliyatini o‘zgartirmaslik sharti bilan yer tekinga beriladi, ularga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, tarbiyachilarining maoshi uch yilgacha to‘lab beriladi.

Xususiy tibbiyotda to‘plangan ulkan tajriba, yangi texnologiyalar, malakali kadrlar – tadbirkorlar uchun bu sohaning jozibadorligini oshirib, sifatni yaxshilashga turtki bermoqda. Buni keyingi 7 yilda xususiy klinikalar 3,5 mingdan 8,5 mingtaga ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Bugungi tadbirda xususiy tibbiyotda katta yutuqlarga erishgan o‘nlab tadbirkorlarimizni ko‘rib turganimdan xursandman. Sizlar bilan birga O‘zbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirishimizga ishonaman. Buning uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasini yaratib berishga tayyorman. Xususan, chegara hududlarimizda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlarini tashkil qilamiz. Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti – bu moliyaviy xizmatlar. Biz tadbirkorlarga moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha qattiq ishlayapmiz.

Yaxshi loyihalar uchun pul qidirayotgan tadbirkorlar ko‘p, investitsiya kiritaman, deganlar ham yetarli.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin, bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois, resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklar gardaniga tushayapti.

Endi loyihaga soddalashtirilgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, salohiyatli investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi. Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.

Bugun bu haqda qaror e’lon qilindi. Endi tadbirkorlarimiz ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Sakkiz yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli edi. E’tibor bering, yetti oyning o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bu – 2024-yil davomida kiritilgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p.

Shu bois, startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz. Yoshlarning 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelib, 100 ta mahalliy startapni xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiramiz. Bunga 100 million dollar beriladi.

Bu yildan boshlab, “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Bunda ularning eng yaxshi 100 ta g‘oyasi tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.

G‘oliblarni 20-avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta rag‘bat va ilhom bo‘ladi.

IT, fintex va startaplarga keng yo‘l ochganimiz natijasida marketpleyslar soni uch yil ichida 24 tadan 163 taga ko‘paydi.

Tadbirkor va hunarmandlarimiz o‘z mahsulotlarini raqamli platformalar orqali eksport qilishni ancha o‘rganib oldi. Ular an’anaviy eksportdagi kabi milliy va xorijiy marketpleyslarda chetga sotgan tovari uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarishni so‘ragan.

J.Qo‘chqorov, Sh.Qudbiyev bir oyda buning tartibini tasdiqlab, amaliyotga joriy qiladi.

Umuman, fintex-startaplarni ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha besh yillik strategiya qabul qilamiz. Bunda raqamli moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirish uchun banklar, fintex kompaniyalar va startaplar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladigan yangi eko tizim – “open banking”ni joriy qilamiz. Bularning hisobidan yaqin yillarda startap loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hozirgidan 10 karra oshadi.

Bu yil banklarimiz tadbirkorlik loyihalari uchun 6 milliard dollar resurs olib kelmoqda.

Banklar kelgusi yili aynan kichik va o‘rta tadbirkorlikni maqsadli qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shartlarda alohida 1 milliard dollar resurs jalb qiladi. Umuman, banklar kelgusi ikki yilda bu sohaga 250 trillion so‘m mablag‘ ajratadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi “chempion tadbirkor”larni ko‘paytirish uchun bank orqali loyihalarga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beradi.

Ishlab chiqarish, servis, yashil iqtisodiyot loyihalari uchun 500 million so‘mgacha tijorat kreditlari kompaniya tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Natijada har yili 100 mingdan ziyod tadbirkorlar oladigan kredit foizi 6 foizgacha pasayadi.

Avvalgi krediti bo‘yicha kompaniyadan kafillik olib, to‘lovni vaqtida bajargan tadbirkorlarga yangi kreditlar uchun kafillik miqdori 1,5 karra oshiriladi. Endi, yirik tadbirkorlar ham kompaniyadan 10 milliard so‘mgacha kafillik olishi mumkin bo‘ladi.

“Skoring” tizimi soddalashgani uchun 100 mingga yaqin tadbirkor bankdan yangi kredit olib, faoliyatini kengaytirdi. Hozirgi vaqtda kredit tarixi “o‘rtacha”, lekin ozgina turtki berilsa, banklarning tez o‘sish imkoniga ega bo‘lgan yana 500 ming mijozi bor.

Endi kredit berishda “skoring” tizimi soliq va kommunal to‘lov intizomi, rasmiy aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi ma’lumotlarni ham inobatga oladi.

Markaziy bank (T.Ishmetov) kelgusi yildan boshlab muqobil “skoring” modelini ishga tushirib, kredit berish shartlarini osonlashtiradi.

Ko‘rib turibman, tadbirkorlarimizga bunday yangi sharoit va imkoniyatlar juda ma’qul kelyapti. Startap va fintex yo‘nalishidagi tadbirkorlarimiz aytsin, bu sizlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradimi?

To‘rtinchi. Ko‘p tadbirkorlar yaxshi eslaydi. Bunday ochiq muloqotni boshlaganimizda asosiy murojaatlar soliq stavkalarini tushirish bilan bog‘liq bo‘lardi.

Chet el bilan ishlaydigan tadbirkorlar aytsin, bizdagi hozirgi soliq yuki hamkor davlatlar bilan raqobat qiladigan darajaga yetdimi?

Sohada katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Buni aholi va tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasi ham tasdiqlayapti: ularning 79 foizi so‘nggi besh yilda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sharoit ancha yaxshilanganini aytgan. Lekin, tadbirkorlardan soliq ma’murchiligi bo‘yicha o‘rinli savollar tushyapti.

Sh.Qudbiyev ochiq muloqotgacha 20 ta uchrashuvda o‘zi qatnashdi, “ko‘zi ochilib” takliflar berdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshgan korxonalar foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lagani uchun aylanma mablag‘dan qiyinchilik yuzaga kelyapti.

Shu bois, endi ushbu tartib faqatgina yiliga 20 milliard so‘mdan yuqori oborot qiladigan korxonalar uchun amal qiladi. Natijada 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trillion so‘mlik aylanma mablag‘ qoladi.

Biz qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushirganimiz hisobiga bu soliq rejimida ishlayotgan tadbirkorlar soni kun sayin ko‘paymoqda. Lekin, hali ko‘pchilik qo‘shimcha qiymat solig‘iga o‘tsam, hisob-kitob qiyinlashadi, buxgalter olishim kerak, xarajat oshadi, degan shubha bilan yuribdi.

Shu bois, aylanma soliqdan qo‘shimcha qiymat solig‘iga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi, hisobotida xatolik bo‘lsa ham jarima qo‘llanmaydi, ulardagi buxgalterlar maoshining 5 million so‘mgacha bo‘lgan qismi olti oygacha bunday korxona to‘layotgan soliqdan chegirib tashlanadi.

Bugungi kunda soliq tekshiruvlari bo‘yicha 20 mingdan ziyod tadbirkor faoliyatida 16 trillion so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan.

Bu – minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir qilishi aniq. Shu bois, bugun o‘ziga xos “amnistiya” e’lon qilamiz, ushbu tekshirishlar bo‘yicha jazo qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga 1 noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda to‘g‘rilash imkoni beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, 1 noyabrdan boshlab, biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi.

Ikki yil oldin aylanmadan soliq to‘lovchilar buxgalteriyasini soliqchi yuritadigan tizim joriy qildik. Endi bunday xizmatlar ko‘lamini kengaytiramiz.

Kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlar majburiyati bekor qilinadi. Ushbu hisobotlarni soliqchilarning o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kunda hisobotga tuzatish kiritishi mumkin bo‘ladi.

Hisobotni kechiktirgani uchun kichik va yirik biznes bir xil jarima to‘layapti, eng yomoni, har bir hisobot turi uchun alohida-alohida jarima bor.

Sh.Qudbiyev 1-noyabrdan taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llaydigan tizim yaratadi. Bunda kichik biznes uchun jarimalar miqdori 3 karra kamaytiriladi.

Beshinchi. Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda biznes rivojlanadi, investitsiya muhiti jozibador bo‘ladi.

So‘zimning boshida aytganimdek, bizda “oyog‘ida mustahkam turib olgan” ishbilarmonlar sinfi shakllanib ulgurdi. Ular shunchaki tadbirkor emas, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlarning rivojiga katta hissa qo‘shayotgan faol investorlarga aylanmoqda. Shuningdek, an’anaviy sarmoyalar bilan birga venchur, bond, kraud-fanding, startap kabi zamonaviy investitsiya vositalari ham jadal rivojlanmoqda.

To‘g‘ri, bizda investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish va ularga sharoitlar yaratish bo‘yicha yuzlab hujjatlar bor. Bularning barchasini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yagona qonunga birlashtirib, Investitsiya kodeksini qabul qilish vaqti keldi. Bu hujjat investitsiya sohasidagi barcha qoida, kafolat va tartib-taomillarni bir tizimga solib, investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar jamoatchilik kengashi biznes muhitni yaxshilash bo‘yicha qarorlar tayyorlashda faollik ko‘rsatib kelyapti. Parlamentimiz yangi kodeksni ishlab chiqishda Jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlik qilsa, o‘ylaymanki, bu ham katta samara beradi.

Barcha islohotlarimiz negizida, eng avvalo, inson qadri, tadbirkorlarimizning manfaatlari mujassam. Shu bois, sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy siyosat olib boramiz.

Bugungi tadbirkor – bu kechagi tadbirkor emas. Ularning huquqiy savodxonligi oshganini sudlarga murojaat ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Masalan, o‘tgan yili iqtisodiy va ma’muriy sudlarda tadbirkorlar bilan bog‘liq 81 mingdan ziyod nizoli ishlar ko‘rib chiqilgan.

Endi tadbirkorlar iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Sudlarning moddiy zararni undirish bo‘yicha qarorlari ijrosi kechikayotgan holatlar bor. Aslida undirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlikning har bir kechikkan kuni tadbirkorning zarariga ishlayapti. Shuning uchun, xalqaro tajriba asosida, “Astrent” tizimi joriy qilinadi. Bunda moddiy zararni qoplash kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undirish sud qarorida aniq belgilab qo‘yiladi.

So‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi, yana shuncha litsenziya raqamlashdi. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani natijasida tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaldi.

Kelgusi yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilamiz. Xususan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari, transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartibi buzilsa, korxonaga ham, uning rahbariga ham jarima qo‘llanmoqda. Endi bunday holatlar uchun faqat korxona jarima to‘laydi, mansabdor shaxs javobgarligini esa boshqaruv organi mustaqil hal qiladi.

Yana bir muhim yangilik – kelgusi yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bunda tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida elektron raqamli imzo beriladi, bankda hisobraqam ochiladi, xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi, kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shu yo‘nalishga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi. Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.

Ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya- epidemiologiya xizmati, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi.

Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxatini 459 taga qisqartirdik, yana 288 taga kamaytiramiz.

Umuman, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilmani tubdan isloh qilib, xalqaro standartlarga moslashtiramiz. Bunda, avvalo, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.

Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Mamlakatimizga dunyodagi xalqaro miqyosda tan olingan eng nufuzli laboratoriyalar kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Endi mahsulotlar sifati bo‘yicha “bozor nazorati” tizimiga o‘tamiz. Bundan keyin nazorat obyekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotning o‘zi bo‘ladi.

“Daladan – dasturxongacha” tamoyili asosida sanitariya-epidemiologiya xizmati, veterinariya va karantin organlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, to‘liq raqamlashadi.

Endi tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmasdan, barcha hujjatlarni “yagona darcha” prinsipi asosida bir joydan oladigan bo‘ladi. Bu – ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshiradi.

Tadbirkorlarimizda davlat xaridlari va birja savdolarida ishtirok etish bo‘yicha ham ko‘plab savollar to‘planib qolgan. Bu masalaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, kelgusi oyda sizlar bilan katta yig‘ilish o‘tkazamiz va barcha muammolarga yechim topamiz.

Davlat organlari va tabiiy monopoliya subyektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Biznes uyushmalar qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarning ovozi shuncha baland yangraydi. Shu bois, o‘z sohasining jonkuyari bo‘lgan eng ilg‘or 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni to‘plab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini o‘rgatsa, hayotimizga yangi bilim va texnologiyalarni olib kirsa, tadbirkorlikdagi ko‘p muammolarni biznes hamjamiyatning o‘zi hal qila oladigan bo‘ladi. Bunday yo‘ldan borib, tadbirkorlarga ko‘makdosh bo‘ladigan uyushmalarni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Ularning aniq natijaga qaratilgan dasturlari, loyiha va tadbirlarini moliyalashtirish uchun har yili 10 million dollar ajratiladi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Bir masalaga alohida e’tiboringizni qaratmoqchiman. Jahon iqtisodiyoti, global biznes arxitekturasi kun sayin o‘zgarib, oldimizga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Bugungi yig‘ilishda sizlar ko‘targan tizimli masalalar yechimiga qaratilgan muhim tashabbuslarni aytib o‘tdim.

Endi sizlar bilan bevosita muloqotga o‘tib, yana qanday qo‘shimcha takliflar bo‘lsa, ularni eshitishga, birgalikda yechim topishga tayyorman.

***

Aziz do‘stlar, muhtaram tadbirkorlar!

Sizlar bilan bo‘ladigan har bir uchrashuv, muloqot menga alohida quvonch, kerak bo‘lsa, g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi. Chunki, sizlarning timsolingizda men Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida olib borayotgan ishlarimizning amaliy natijasi va yutuqlarini ko‘raman.

Bugun bemalol ayta olamizki, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes “islohotlar katalizatori”ga aylandi. Buni siz – tadbirkorlar yaratdingiz. Bundan faxrlansangiz arziydi.

O‘ylaymanki, bugungi muloqotimiz ham har tomonlama foydali va samarali bo‘ldi. Uchrashuvda muammolarni ochiq ko‘tarib, taklifini bayon etgan barcha biznes vakillariga minnatdorligimni bildiraman.

Hech narsadan qo‘rqmang, intilish va izlanishdan charchamang, faqat oldinga, katta marralar sari dadil qadam tashlang!

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini, istiqbolini ta’minlaydigan kuch bu – tadbirkorlar.

Davlatimizni boy qiladigan kuch bu – tadbirkorlar.

Xalqimiz, oilalar hayotini farovon qiladigan kuch  bu – tadbirkorlar.

Siz, azizlarni Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizda rivoj, oilaviy xotirjamlik tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘linglar!

Related