O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida O‘zbekiston Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Ozarbayjonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va mamlakat erishayotgan yuksak natijalardan chin dildan xursand ekanini ta’kidladi.
– Siz otangiz va har bir ozarbayjonlikning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardingiz – mamlakat hududiy yaxlitligini tikladingiz. Qaytarib olingan hududlarning iqtisodiyoti va infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib boryapsiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Ozarbayjon O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi ekani ta’kidlandi. Bizning maqsadlarimiz, qarashlarimiz va intilishlarimiz o‘xshash. Xalqlarimizni azaldan qardoshligimiz va o‘zaro ishonchimiz asosini tashkil etayotgan tarix, qadriyatlar, til va madaniyat bog‘lab turibdi.
Davlatimiz rahbari bugun bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengash ikkinchi yig‘ilishining samarali natijalarini, uning yakunida muhim qaror va kelishuvlar qabul qilinganini yuksak baholadi.
Bu galgi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlandi. Birinchi Parlamentlararo forum, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, siyosiy maslahatlashuvlar, qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani keng ko‘lamda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro maydonda yaqin aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi. Ko‘plab dolzarb global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha pozitsiyalar mos kelishi qayd etildi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston barcha o‘tkir muammo va ziddiyatlarni faqat tinch yo‘l bilan, diplomatik sa’y-harakatlar orqali hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma amaliy choralar ko‘rishga kelishib olindi. Savdo va kooperatsiyani rag‘batlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida hamkorlikning amaldagi formatlari kengaytiriladi va yangi formatlari yo‘lga qo‘yiladi. Gap Tadbirkorlar kengashini tuzish hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumini o‘tkazish haqida bormoqda.
Yetakchilar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratdilar. Bugungi kunda mamlakatlarimizni bog‘laydigan va boshqa strategik yo‘nalishlarga chiqish imkonini beradigan O‘rta yo‘lak faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, bahordan boshlab ushbu yo‘lakda elektron ruxsatnomalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshdi. Ularning yillik hajmi bir million tonnadan ortdi.
Yevropaga «yashil» energiya eksporti bo‘yicha qo‘shma loyihani ilgari surishda erishilgan yutuqlar qayd etildi.
Bundan tashqari, bugun Bok-u shahrida «O‘zbekiston» bog‘i qurilishiga start beriladi va mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasining yangi binosi ochiladi.
Shular bilan bir vaqtda O‘zbekistonda bo‘lajak «Ozarbayjon» bog‘i va noyob «Sea Breeze» sayyohlik majmuasi loyihalari faol tayyorlanayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilda ikki qardosh mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanishi munosabati bilan ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan yirik tadbirlar, konsertlar va yoshlar forumlarini birgalikda o‘tkazishga kelishib olindi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ozarbayjonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirdi. Ozarbayjonga bu galgi davlat tashrifi natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, qardosh mamlakatlar va xalqlarning barqaror taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.