Prezident 10 milliondan ziyod aholi hayotiga daxldor qonunni imzoladi

06 Avg 2024

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Bu ko‘pchilik aholi kutayotgan, millionlab oilalar hayotiga daxldor masala edi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud.

Shu bois davlatimiz rahbari 2023-yil 21-noyabrda yer hisobi va kadastr xizmatlari bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu masalani qonuniy hal etish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, soha mutaxassislari va deputatlar ishtirokida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bunda Italiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasi inobatga olindi. Oliy Majlis palatalari muhokamalarida pishitildi.

Qonun 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib, unda quyidagi yer va mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilmoqda:

1) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

2) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;

5) bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;

6) kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;

7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;

8) hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.

Qonunda huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari ham aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer bo‘yicha nizo bo‘lmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.

Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarini kiritadi.

To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.

Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida e’tibor qaratilgan.  Ya’ni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi.

Turar joylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi e’tirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov olinadi. Bu to‘lov Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida 3 baravari, shaharlarda 2 baravari va boshqa aholi punktlarida bir baravarini tashkil etadi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga chegirma beriladi.

Bir martalik to‘lovdan kadastr va adliya idoralari, “O‘zbekkosmos” agentligining xarajatlari qoplanadi. Qolgan mablag‘lar tashabbusli budjet tadbirlariga yo‘naltiriladi, ya’ni o‘sha mahallalarning o‘ziga sarflanadi.

Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi, unga qadar joylarda targ‘ibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Qonun 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan. O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi farmoni bilan, faqat ushbu hududdagi hujjatsiz uy-joylar va ular joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qarori bilan e’tirof etishga ruxsat berilgan edi.

Shundan so‘ng, barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlar tuzilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan 43 ming 432 ta uy-joy birma-bir o‘rganib chiqildi. Uylarning joylashgan o‘rni, holati va qurilgan vaqti yer hisobi hamda kosmik suratlarni tahlil qilish asosida tekshirildi.

Barchasining yakunida ijobiy xulosaga kelingan 27 ming 590 ta uy-joyga mulk huquqi, ular joylashgan yer uchastkalariga ijara huquqi e’tirof etildi.

Ushbu xalqparvar siyosat natijasi 27 ming 590 ta xonadonda yashovchi 100 mingdan ortiq fuqarolarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ularda o‘z uy-joyini qonuniy rasmiylashtirib olish, boshqa shaxsga sotish, oila a’zolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi paydo bo‘ldi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uyini ta’mirlash yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin bo‘ldi.

“O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ushbu xayrli ishlarning ko‘lamini butun mamlakatimiz bo‘ylab yoyadi. Agar 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkasi o‘rtacha 3-4 nafardan fuqaro va tadbirkorlarga daxldor bo‘lsa, bu qonun 10 milliondan ziyod aholining muammosini hal qilib, kelgusi hayotiga qonuniy zamin yaratadi.

Related