Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida soʻnggi besh yilda 826,5 ming gektar yer qishloq xoʻjaligi foydalanishiga kiritildi. Shuning 409 ming gektari sugʻoriladigan yerlar hisobiga, 418 ming gektari esa lalmi va yaylov yerlarda yer osti suvlaridan foydalanish hamda kam suv talab qiladigan ekinlarni joylashtirish orqali oʻzlashtirildi.
2030-yilgacha yana 938 ming gektar yaylovlarni oʻzlashtirish va holatini yaxshilash rejalari taqdimot qilindi.
Xususan, 2026-2027-yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, shuning 300 ming gektarida yaylov oʻsimliklari ekiladi, 130 ming gektarida quduqlar oʻrnatiladi. Natijada 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish, goʻsht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Yangi yerlarni oʻzlashtirishda har bir hudud boʻyicha aniq investor va loyiha asosida ish tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xoʻjaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani oʻzgartirish vaqti kelgani qayd etildi. Shu maqsadda sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlarni yagona tuzilma – Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasiga birlashtirilishi belgilangan.
Taqdimotda biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injeneriyasi va gibrid urugʻchiligi, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi hamda sogʻlom tuproq, organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya, raqamli qishloq xoʻjaligini akademiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilash taklif etildi.
Akademiya faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qishloq xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, biroq oʻquv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bogʻlanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi oʻz sohasida ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlaydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Jumladan, kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot oʻtaydi.
Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.
Taqdimotda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining faoliyati koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yilda 44 ming gektar samarasiz yerlarda intensiv va sanoatlashgan bogʻ hamda tokzorlar tashkil qilib, 37 ming ish oʻrni yaratildi.
Bu yerlarda tashkil etilgan bogʻ va tokzorlar 2027-yildan hosil berishni boshlab, yiliga 660 million dollar meva-sabzavot eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi. Masalan, Soʻxda 500 gektarda olma, malina va oʻrik, Termiz tumanida 164 gektarda oʻrik va shaftoli, Ohangaron tumanida 309 gektar, Bulungʻurda 550 gektar hamda Quvada 60 gektar yerda uzumning “Avatar” navi, Pop tumanidagi 504 gektarda esa shaftoli va olxoʻri plantatsiyalari tashkil etildi.
Mazkur ishlarni davom ettirib, 2026-yilda 25,5 ming gektar mevali bogʻlar va 5 ming gektar uzumzorlar tashkil qilib, 48 ming doimiy hamda mavsumiy ish oʻrinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.
Har yili mamlakatimizga 60 million dollarlik koʻchatlar import qilinmoqda. Ushbu koʻchatlarni Yevropa standartlari asosida oʻzimizda tayyorlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu borada agentlik tomonidan 200 dan ortiq meva turlarining virusdan xoli, yuqori hosilli onalik navlari kolleksiyasi yaratilgan. Ushbu meva turlarini koʻpaytirish va barcha hududlarga yetkazib berish maqsadida Bektemir tumanida 50 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida esa 75 gektarlik “in-vitro” laboratoriyalari va onalik koʻchatxonalaridan iborat majmualar tashkil etilmoqda. Ushbu majmualarni yil yakunigacha ishga tushirib, yillik 27 million dona koʻchat tayyorlash vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz taqdimotda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
