Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni qurilish materiallari sanoatidagi ishlar va asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Aholi soni o‘sib, urbanizatsiya kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni yildan yilga oshirayapti. Tarmoq shunga mos ravishda rivojlantirib borilmoqda. Ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, hozirgi kunda 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.
Bu yil birinchi chorakda ishlab chiqarish 8 foizga, eksport esa 11 foizga o‘sdi. Investitsiya dasturi doirasida 500 million dollarlik 9 ta yirik loyiha ishga tushdi. Dushanbe, Kobul va Filadelfiya shaharlarida “O‘zbekiston savdo uyi” tashkil etildi.
Hali oldinda rejalar ko‘p. Yil yakunigacha 2,4 milliard dollarlik 312 ta loyihani bajarib, 16 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish miqdorini 53 trillion so‘mga, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Taqdimotda mutasaddilar ushbu ko‘rsatkichlarga erishish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.
Davlatimiz rahbari sohada sifat, tannarx va qurilish madaniyati eng dolzarb masala ekanini ta’kidladi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida ulardan kengroq foydalanish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Bunga erishishda ilm-fan va amaliy ishlanmalar muhim. Shu maqsadda soha bo‘yicha “R&D” tadqiqotlar markazi ochildi, Germaniyadan maslahatchi jalb qilindi.
Misol uchun, ariq va kanal yuzalari uchun o‘ramli beton qoplamasi tayyorlash texnologiyasi bo‘yicha ish boshlangan. Natijada betonlashga ketadigan vaqt va xarajat 10 foizga, suv sarfi 3-5 foizga kamayishi hisob-kitob qilingan.
Prezidentimiz geologiya va ilmga katta e’tibor qaratib, ichki va tashqi bozorlar uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish zarurligini ta’kidladi. Energiya va resurs sarfi yuqori yo‘nalishlarni tahlil qilib, tejamkor innovatsion yechimlarni qo‘llash muhimligi qayd etildi.
O‘tgan yili tarmoqdagi yirik korxonalar energiya auditidan o‘tkazilganda 300 million kilovatt soat iqtisod qilish imkoniyati aniqlangan. Bunday korxonalarda texnologiyani yangilash hamda ish tartibini oqilona tashkil etish orqali xarajatlarni kamaytirish mumkinligi aytildi.
“Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reestrini tashkil qilib, u orqali sifat nazoratini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.