Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Shaxs tarbiyasi va rivojlanishiga bolalikdan zamin qo‘yiladi. Shu bois davlatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda bu tizimda qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga ko‘tarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, ta’lim-tarbiya mazmuni ham muhim. Bu o‘quv-metodik qo‘llanmalar ta’minoti, tarbiyachilar salohiyati, yangicha yondashuvlar kabi ko‘p omillarni talab etadi.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda bu borada tayyorgarlik va rag‘bat tizimi ancha o‘zgardi. 2022-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 45 ta medal olgan bo‘lsa, bu yil 113 taga yetdi. Aslida dunyoga chiqa oladigan bilimli yoshlarimiz yanada ko‘p.
Ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yo‘lga qo‘yiladi. Har bir fan bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalarva qo‘llanmalar takomillashtirilib, o‘quvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.
Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni yanada sinchiklab o‘rganib, har tomonlama takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.